19:30 / 20.06.2019
11178

Interpolning sobiq rahbari pora olishda aybdorligini to‘liq tan oldi

Interpolning sobiq rahbari, Xitoyning sobiq jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari Men Xunvey ustidan Tyanszinda sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Sud davomida Men Xunvey umumiy qiymati 14,16 mln yuan (2,1 mln dollar) bo‘lgan pora olishdagi aybini tan oldi.

Ta'kidlanishicha, “ayblanuvchi 2005 yildan 2017 yilgacha o‘zining xizmat mavqeidan g‘arazli niyatlarda foydalanib, muzd evaziga jismoniy va yuridik shaxslarga yordam ko‘rsatgan va ushbu harakatlari uchun ulardan umumiy qiymatda 14 mln yuandan ko‘proq pora olgan”.

“Sud taftishi vaqtida Men Xunveyning aybini isbotlovchi inkor qilib bo‘lmas dalillar keltirildi”, deyilgan xabarda.

Interpolning sobiq rahbari aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan. Unga nisbatan jazo hukmi keyinroq e'lon qilinadi. 

2018 yil oktyabrda Interpol prezidenti lavozimini egallagan Men Xunvey Xitoyda ta'tilni o‘tkazayotgan vaqtda yo‘qolib qolgan. Keyinroq Xitoy hukumati unga qarshi poraxo‘rlik bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma'lum qilgan. Bir necha kun o‘tgach Interpolda o‘z prezidentlaridan iste'foga chiqish haqida ariza olingani ma'lum qilingan.    

Men Xunvey Interpol prezidenti lavozimini 2016 yil noyabrda egallagan.

Top