21:45 / 20.06.2019
5596

Samarqand shahrida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

Foto: Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati

Samarqand shahrida 19–21 iyun kunlari shahar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kuchishlatar tizimlarning o‘quv mashg‘ulot o‘tkazilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Mashg‘ulot davomida olib qochilgan transport vositasini qidirish, o‘ta xavfli, qurollangan jinoyatchilar guruhini qidirish, aniqlash va ularning jinoiy harakatlarini to‘sish; o‘ta xavfli jinoyatchilarni qurolsizlantirish va ushlash uchun zarur shart-sharoit yaratish; ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish va bo‘yicha amaliy mashqlar o‘tkazilyapti.

Mashg‘ulotlarga Ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya, Markaziy harbiy okrugi bo‘linmalari, Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuratura, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Yong‘in xavfsizligi xizmati, Chegara qo‘shinlari, Bojxona boshqarmasi, Samarqand shahar hokimligi vakillari va jamoatchilik vakillari hamda sog‘liqni saqlash xizmati jalb etilgan.

19 iyun kuni erta tong soat 6:00da boshlangan o‘quv mashg‘ulotlari 21 iyun kuni kechgacha davom etadi. Bunda shahar bo‘ylab, har qanday favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

Mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsadga, ya'ni maxsus-tezkor rejalar bo‘yicha shaxsiy tarkibning bilim saviyasini va jangovar shayligini oshirishga erishilib, har qanday favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga aniqliklar kiritilyapti.

«Shu sababli shahar aholisi o‘rtasida turli tushunmovchiliklar va har xil shov-shuv gaplar tarqalmasligi, sarosimaga tushish bo‘lmasligini so‘raymiz», — deydi viloyat IIB o‘z ma'lumotnomasida.

Top