21:40 / 20.06.2019
94355

Xorazmda tanasiga olov yoqib suvga sakragan shaxs yuzasidan ma'lumot berildi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan badaniga olov yoqilgan holda suvga sakragan shaxs videosi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Shu kunlarda internetda Urganchda yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborilgani, tanasini alanga qoplagan yigit ko‘prikdan o‘zini suvga otgani tasvirlangan video tarqalgandi.

«19 iyun kuni turli ijtimoiy tarmoqlarda «Urganchda yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborildi. U o‘zini suvga otdi» nomli video tarqalgan bo‘lib, ushbu video yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida videolavhada o‘zlari aks etgan va ovozi qayd etilgan kimsalarning shaxsiga, hodisa qachon va aynan qayerda bo‘lganligiga aniqlik kiritildi», — deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslarning barchasi (to‘rt nafar)  Xorazm viloyatida yashaydi, ulardan biri 1992 yilda, qolgan uch nafari esa 1999 yilda tug‘ilgan. Videoda qayd etilgan holat 18 iyun kuni Urganch shahridan oqib o‘tuvchi Shovot kanali ustidagi piyodalar o‘tish ko‘prigida sodir bo‘lgan.

Tanasida yonib turgan olov bilan suvga sakragan shaxs 19 iyun kuni shifoxonaga murojaat qilgan, unga «olovdan chap qo‘l yelka, bo‘yin, ikkala kurak va bel sohalari I-II-IIIA darajali termik kuyish. S-20%. Kuyish kasalligi, kuyish shoki o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Top