23:10 / 21.06.2019
32829

Senat majlisida uchta kodeksga Milliy gvardiya vakolatlari bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi

21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida «Jinoyat kodeksiga, Jinoyat protsessual kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ma'qullandi. Unga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan uchta hujjatga bir qancha o‘zgartirishlar kiritiladi. Ular Milliy gvardiya vakolatlari bilan bog‘liqdir. Xususan:

─ Milliy gvardiya surishtiruv olib borish vakolatiga ega bo‘lgan, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar qatoriga qo‘shiladi (Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish);

─ Jinoyat kodeksining Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi deb nomlangan 250-1-moddasining birinchi qismida (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlardan tashqari) va O‘ta muhim va toifalangan obektlarning qo‘riqlanishini ta'minlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik deb nomlangan 259-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv Milliy gvardiya surishtiruvchilari tomonidan olib borilishi belgilanadi;

─ Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Milliy gvardiya mansabdor shaxslari tomonidan Kodeksning Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi deb nomlanuvchi 185-1-moddasida va O‘ta muhim va toifalangan obektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu obektlarning qo‘riqlanishini ta'minlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik deb nomlanuvchi 210-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish va bayonnomani ilova qilinadigan materiallar bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish vakolati berilmoqda.

Top