15:10 / 21.06.2019
5894

Senat yalpi majlisida «Turizm to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Turizm to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Oliy Majlisning yuqori palatasi Senat yangi tahrirdagi «Turizm to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi.

Qonun bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Qonunda, turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, turizmning shakllari va turlari, turistik industriyasi va undagi xizmatlar turlari, turistik zonalar va turistik klasterlar, turizm sohasidagi faoliyatni amalga oshirish shartlari, turistik mahsulotni shakllantirish, targ‘ib etish va realizatsiya qilishning xususiyatlari, shuningdek, turizim sohasi sub'yektlarining huquq va majburiyatlari nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun turistik xizmat ko‘rsatish, faoliyat ko‘rsatishga doir huquqiy va institutsional bazasini shakllantirish, milliy turizm mahsulotini ichki va jahon bozorida targ‘ib qilish, sayyohlik industriyasini rivojlantirish qulay shart-sharoitlarni shakllantirishni maqsad qilgan.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, ushbu qonun qabul qilishdan avval senatorlar va hukumat a'zolari o‘rtasida bahs-munozaralar bo‘lib o‘tgan. Xususan, senatorlardan biri Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakiliga savol bilan murojaat qildi. Unda mamlakatda turizmning ekstremal va sport turlari ham paydo bo‘layotgani tufayli, vazirlik yuzaga kelishi ehtimoliy oqibatlarga qanchalik tayyor, degan savol berildi.

«Favqulodda vaziyatlar vazirligi sport, ekstremal turizm kabi yangi turizm yo‘nalishlari paydo bo‘layotgani munosabati bilan ushbu sayyohlik turlari birmuncha qaltisligini inobatga olib, vazirlik zimmasiga tushgan barcha majburiyatlarga shaydir. Ushbu qonundan kelib chiqadigan talablarni bajarish, ekstremal va sport turizmi bilan shug‘ullanayotganlarning sog‘lig‘i, hayotini ishonchli himoya va muhofaza qilish bo‘yicha barcha shart-sharoit mavjud», - dedi vazirlik vakili.

Top