23:46 / 21.06.2019
72929

Xorijiy mamlakatlar o‘z sayyohlariga O‘zbekiston to‘g‘risida salbiy ma'lumotlar berayotgani ma'lum bo‘ldi

Xorijiy mamlakatlar tashqi ishlar vazirliklarining sayyohlar uchun rasmiy tavsiyanomalari o‘rganib chiqildi. Tahlil natijasiga ko‘ra, sayyohlarga O‘zbekiston to‘g‘risida noxolis, eskirgan ma'lumotlar taqdim etilmoqda. Bu haqda Senatning 20-yalpi majlisida so‘z bordi.

Ma'lum qilinishicha, jami 66ta davlatning rasmiy idoralari tomonidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun tavsiyanomalarida mamlakat haqida salbiy tasavvurni shakllantiruvchi ma'lumotlar ko‘rsatilmoqda. Xususan:

─ O‘zbekistonning Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan chegaradosh ayrim hududlarida, janubiy sarhadlarda va Farg‘ona vodiysida beqaror holatlar, terroristik harakatlar bilan bog‘liq xavfsizlikka jiddiy tahdidlar mavjudligi to‘g‘risida asossiz ma'lumotlar berilgan;

─ mamlakatning aholi gavjum joylarida – bozorlar, poyezdlar, jamoat transportidagi talonchilik va kissavurlik hamda firibgarlik holatlari mavjudligi e'tirof etilgan, bunday holatlar turistik mavsumda avj olishi ta'kidlangan. O‘zbekiston hukumati tomonidan jinoyatchilikning aniq ko‘rsatkichlari qayd etilgan ma'lumotlar rasman nashr etilmasligi hamda ma'lumotlarning katta qismi norasmiy manbalar orqali shakllantirilishiga ham e'tibor qaratilgan;

─ ayrim xorijiy mamlakatlar viza rejimi qoidalarini buzganlik uchun sayyohlar ma'muriy javobgarlikka tortilishi, shu jumladan ularga katta miqdorda jarima solinishi, ba'zida uzoq davom etadigan sud jarayonlariga jalb qilinishi, keyinchalik esa deportatsiya kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi hamda viza muddatini uzaytirish imkoniyatlarining mavjud emasligi yoki cheklanganligi haqida ham sayyohlarga ogohlantirishlar mavjud;

─ xorijiy mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekistonda tibbiy yordam barcha joylarda mavjud emas va uning sifati juda past darajada deb hisoblashadi, shuningdek, O‘zbekistonda davolanishning hech qanday uslubini qo‘llamaslikni tavsiya etishadi;

─ O‘zbekistonda transport va infratuzilma sohasida xavf-xatarlar mavjud, yo‘llardagi shart-sharoitlar qoniqarsiz, yo‘llarning yoritish darajasi past, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilinmaydi;

─ respublikadagi jamoat binolari, aeroportlar, qo‘priklar va metro bekatlarida suratga tushish man etilganligi, telefon xizmatlari tizimining beqarorligi va ushbu xizmat turining mehmonxonalarda qimmatligi, elektr tarmog‘ida, ayniqsa, qishloq joylarida tez-tez uzilishlar sodir bo‘lib turishi to‘g‘risida axborot mavjud.

Bundan tashqari, deyarli barcha mamlakatlar O‘zbekistonga tashrif oldidan yetarlicha naqd pul olishni tavsiya etishgan va yo‘l cheklari, kredit kartalaridan poytaxt markazidagi cheklangan bank muassasalari yoki zamonaviy mehmonxonalardan boshqa joyda foydalanishning imkoni yo‘qligiga e'tibor qaratilgan.

Senat a'zolari muhokamasi xulosasiga ko‘ra, mazkur masalalarni hal etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga parlament so‘rovi yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgacha O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Top