15:40 / 23.06.2019
8734

Andijon bojxonachilari «Hyundai» o‘rindig‘i ichidagi 2 kilodan ziyod giyohvandlik vositalarini topishdi

Andijon viloyati bojxonachilari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda ikki kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga o‘zining «Hyundai Getz» rusumli avtomashinasida kirib kelgan fuqaro A.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortgan. Shundan so‘ng bu shaxs belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazilgan. 

Natijada, fuqaro A.A. mashina o‘rindiqlari ichiga ustamonlik bilan 1169 gramm gashish va 836,17 gramm opiy giyohvandlik vositasini joylashtirib, ustidan o‘rindiq g‘ilofini tikib qo‘ygani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha Surxondaryo viloyati bojxonachilari narkokurerni qo‘lga olishgani haqida xabar berilgan edi.

Top