09:55 / 23.06.2019
21139

Qarshi shahri markazida to‘rt yildan buyon arosatda yashayotganlar taqdiridan hikoya

«Yangisini qurmay turib, eskisini buzma» degan naql bor va uni qayta-qayta eshitganmiz. Qarshi shahri, «Gulshan» mahallasi, Kitob ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning muammosi esa rahbarlar tomonidan ana shu naqlga amal qilinmagani oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, ajab emas. Ya'ni, ularning uylari buzilib, na yangisiga ega bo‘lishdi va na eskisining buzilgani haqini olishdi. Bir so‘z bilan aytganda arosatda yurishibdi. Kun.uz tahririyatiga ushbu mahalladan murojaat kelib tushdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi «Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida» qarori bilan shahardagi ko‘pgina ko‘chalar kengaytirildi, rekonstruksiya qilindi, ko‘p qavatli va zamonaviy binolar qad rostladi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan ko‘pgina ko‘chalar, hovlilar buzildi. Albatta, yaxshi maqsadlarda, aholini rozi qilib. Qarshi shahrining bosh rejasiga asosan ko‘chalarni rekonstruksiya qilinishi hamda qizil chiziqqa tushgan binolar buzilishi munosabati bilan shahardagi «Gulshan» mahallasida joylashgan Kitob ko‘chasidagi uylar ham buzilishga tushdi.

Bu ishlarga oz emas-ko‘p emas to‘rt yilcha to‘lib qoldi. Uylar, ko‘chalar buzildi, baland binolar ham qurildi. Ammo uyi buzilgan fuqarolar arosatda qoldi. Ularga na kompensatsiya puli berildi va na uy-joy.

- Biz yashab turgan xonadonlar buzilishga tushgani sababli 2015 yilning 22 iyul kuni bizga ogohlantirish xati berilgan, - deydi shu ko‘chada istiqomat qiluvchi Shokir Rasulov. – Ana o‘sha yildan boshlab ko‘p qavatli imorat qurish boshlandi. Bu qurilish ta'sirida uy-joylarimizga jiddiy zarar yetdi. Ma'naviy zararni aytmasa ham bo‘ladi. Yaqinda o‘g‘limni uylantirishim kerak. Qaysi uyga kelin tushiraman? Mana shu vayron bo‘lgan joygami? Nafaqaxo‘r bo‘lsak, yangi uy-joy qilishga qurbimiz yetarmidi?

- Hovli-devorlarimiz qurilish ta'sirida yiqilib, ayanchli ahvolga kelib qoldi, - deydi fuqarolardan yana biri Xolmamat Amirqulov. – Ko‘p qavatli binolarga odamlar kelib joylashgan. Hovlimiz «dom»ning ichkari tomonida qolgan. Hojatxonaga chiqishga ham iymanadi kishi. Yashash juda noqulay bo‘lib qolgan.

Suhbatga aralashgan D.Naminova o‘z fikrini quyidagicha izohladi:

- «Dom»dagilar tepadan hovlimizga qarab turishadi, «musor» otishadi. To‘rt yildan buyon shaharning qoq markazida juda ayanchli ahvolda yashayapmiz. «Nazir bunyodkori qurilish» MChJ tashkiloti bu holatni o‘z holicha qoldirdi. Prezidentimiz portaliga, shahar hokimligiga, shahar xalq qabulxonasiga ko‘p marta murojaat qildik. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi.

Uylari buzilgan fuqarolarning ta'kidlashicha, ularga mutasaddilarning aniq javobi kerak. Agar hovlilari buzilmasa, yetkazilgan zarar qoplansin. Ularning aytishicha, shahar hokimiga murojaat qilishganida, rahbar: «o‘zlaring to‘g‘rilab olinglar», degan javobni aytgan.

Darvoqe, 2018 yilning 8 sentabr kuni Qarshi shahri hokimi Jamshid Fozilov tomonidan fuqaro Sh.Rasulovga taqdim etilgan xatida, jumladan, shunday deyiladi:

«... Sizning uy-joyingiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qaroriga muvofiq «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan buzilishga tushgani sababli ogohlantirish xati yuborilgan. Lekin hozirgi kunda uy-joyingiz buzilmagani va «Qarshi qayta qurilish» MChJ bilan shartnoma bitimi tuzilmagani, siz va quruvchi tashkilot tomonidan buzilgan uy-joy uchun kompensatsiya puli yoki ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashaydigan fuqarolarga ularning tanlashiga ko‘ra hamda tomonlarning kelishuvi bo‘yicha ijtimoiy normadan kam bo‘lmagan maydonga ega bo‘lgan teng qiymatli boshqa qulay uy-joy mulk qilib to‘lab beriladi...».

Hokimiyatning turli yillarda fuqarolarga yo‘llangan javob xatida uy-joylar buzilishi ikkita huquqiy hujjatga asoslanib ko‘rsatilgan. Ulardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi «Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida» qarori bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qaroriga muvofiq «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan. Qolaversa, buzilayotgan uy-joylar bilan bog‘liq muammolar hal etiladi, deb turilsa-yu, amalda ular hayotiga loqayd munosabatda bo‘linishi taajjubli va tushunarsiz.

Qarshi shahar hokimligi, Qarshi shahar Arxitektura va qurilish boshqarmasi ham fuqarolarning yuqoridagi muammolariga munosabat sifatida bir xil rasmiy javob yo‘llashgan. Ammo shu paytgacha hech bir tashkilot bu muammo bilan jiddiy qiziqib ko‘rmagan, yechimini qidirishga bosh qotirishmagan. Mana, to‘rt yildirki, odamlar ne qilarini, qaysi devorga bosh urishlarini bilmay sarson (O‘zlarining devorlariga bosh uraman desa, u nurab yotibdi). Kelajaklari mavhumlik tumanida qolgan.

Biz Qarshi shahri mutasaddilaridan mazkur muammoga atroflicha munosabat bildirishlarini va uning yechimini topib hal etishlarini so‘rab qolardik. Ushbu muammoni o‘rganish jarayonida rasmiy mutasaddilar bilan bog‘lanmadik, chunki OAV orqali chiqish qilib, vaziyatni xolis bayon qilishlarini istadik. Chunki bugun barcha harakatlar shaffoflik va xolislikka tayanmog‘i lozim. Ana shunda har qanday muammoning yechimiga kalit topsa bo‘ladi.

P.S: Bizga o‘zini tanishtirmagan va tahririyatdan ekanligimizni eshitgan hokimlik mutasaddisi "barchasi qog‘ozda ko‘rsatilgan" dedi. Yana savol tug‘iladi: "Yana qog‘ozbozlikmi? Odamlar-chi?".

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top