21:40 / 23.06.2019
6282

Xorijlik jurnalistlar «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishtirildi

O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan bir qator xorijiy OAV vakillari «Navoiy» EIZda bo‘lib, sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Navoiy» EIZ va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Buyuk Britaniyaning «Reyter», Turkiyaning TRT televideniyesi, Xitoyning «Sinxua», Rossiyaning TASS va «Interfaks», Eronning «Fars news» kabi xalqaro axborot agentliklari hamda XXRning «Tszinszi Jibao» iqtisodiy gazetasi vakillari va mahalliy OAV jurnalistlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumani oldidan mehmonlar iqtisodiy zonadagi kabel hamda alyuminiy profil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ikkita yirik korxonaning faoliyati bilan tanishishdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari O‘ktam Islomov, «Navoiy» EIZ direktori Habib Abdullayev, «Navoiy» xalqaro aeroporti direktori Temur Boboyev jurnalistlarga iqtisodiy zonaning salohiyati, bu yerda faoliyat yurituvchi biznes sub'yektlari uchun yaratilgan sharoitlar va berilgan imtiyozlar, logistika markazi va yuk tashish imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Xususan, «Navoiy» EIZ direktori H.Abdullayev hozirgi kunda hududda har biri 2-3 ta loyihani amalga oshirayotgan 44 ta rezident ro‘yxatdan o‘tgani haqida ma'lumot berib, prezidentning farmoniga asosan Navoiy viloyati hududi keyinchalik belgilangan tartibda muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilanishi munosabati bilan yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot qildi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 15 may kuni e'lon qilingan «Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonidan so‘ng viloyatning iqtisodiy salohiyati yuksaladi. Endilikda butun viloyatda biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat rivojlanadi, hududda mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar tashkil etiladi.

«Navoiy» xalqaro aeroporti direktori T.Boboyev Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan intermodal logistika markazining imkoniyatlari haqida ma'lumot berdi. Interfaol shaklda o‘tgan uchrashuvda xalqaro jurnalistlar ko‘plab o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

— «Navoiy» EIZning faoliyati va bu yerda amalga oshirilayotgan bugungi jarayonlar bilan tanishish menga quvonch bag‘ishladi, — deydi Eronning «Fars news» axborot agentligi muxbiri Sh.Avemetov. — Tajribamga tayanib aytishim mumkinki, jurnalistlar mamlakatning manfaatlari va istiqbollarini targ‘ib qiluvchi sohalar vakillaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy zona maqomini olgan Navoiy viloyati imkoniyatlari doirasida hamkorlik aloqalari rivojlanayotganidan xursandman. 

Top