17:58 / 25.06.2019
52089

«Feodal Messi» yoxud o‘zbek futboli haqidagi latifa

Yaqinda BMTning rasmiy sahifasi g‘alati bir tvit yozibdi. «Erkaklar va ayollar sportida teng haq to‘lashni talab qiluvchi kampaniyamizga qo‘shiling», deyiladi BMT chaqirig‘ida. 

Fransiyada o‘tkaziladigan ayollar jahon chempionatida diskriminatsiya mavjudligi eslatilgan. Ushbu chaqiriqqa Lionel Messi misolida futboldagi erkak va ayollarning oylik maoshlarida farqni ifodalovchi surat ham ilova qilingan bo‘lib, unda «Barselona» sardorining jami daromadi dunyoning yetakchi ligalarida to‘p suruvchi 1 ming 693 nafar ayol futbolchi maoshidan ikki barobar kattaligi ko‘rsatilgan. 

Bu solishtiruvning «g‘alati»ligi shundaki, masala, tengsizlik emas, Messi va ayollarga to‘lanayotgan maoshlarning manbaidir. Ya'ni futbolchining maoshi u yaratayotgan mahsulotdan hosil bo‘ladi.

Bir paytlar «Santos» Yevropa bo‘ylab har xil turnelarga chiqardi va mashhur klublar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazardi. Kelishuvning moliyaviy shartlarida masalan, Pelening maydonga tushishi ko‘rsatib o‘tiladi, agar u qatnashmaydigan bo‘lsa, o‘yin uchun to‘lanadigan summa miqdori kamayardi. Sababi shundaki, tomoshabinlar ham asosan Peleni tomosha qilish uchun kelishadi, chipta narxlariga ham Pelening bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ta'sir o‘tkazadi. Bu gollar va sovrinlardan tashqari, Pelening «Santos»ga olib kelayotgan moliyaviy foydasi va tabiiyki, futbolchining maoshi ham bu daromadlar evaziga yanada oshishi mumkin.

Hozirda hammasi bu qadar sodda emas, lekin Messi tufayli klub ham, La Liga ham, Argentina terma jamoasi ham, UYeFA yoki FIFA ham daromad qilishi turgan gap. Erkaklar futboli mahsulot sifatida juda katta narxlarda sotiladi – stadionda, translatsiyalarda katta pullar oqib keladi, tabiiyki, buning natijasida erkak futbolchilarning maoshi ayollarnikidan baland bo‘lishi tabiiy. Qachondir ayollar futbolida ham katta pullar aylana boshlasa, FIFA yoki UYeFA bu musobaqalarda ham katta pullar topa boshlasa, o‘z o‘zidan qizlarning daromadi ham oshishi muqarrar.

Transferlar borasida ham shunaqa: 80-yillarda Diyego Maradona 7,5 million dollarga «Barselona»dan «Napoli»ga transfer qilingan va bu o‘sha payt uchun rekord bo‘lgandi. Bugungi rekord bundan bir necha barobar katta, lekin bu faqat biror inflatsiya yoki futbol xarajatlari oshib ketganini anglatmaydi.

2016 yilda Pogba navbatdagi jahon rekordi o‘laroq, 89 million funt evaziga «Yuventus»dan «MYu»ga o‘tganida, bir jihatda e'tibor qaratilgan. O‘sha transfer qiymati manchesterliklar umumiy daromadining 29 foizini tashkil qilgan, xolos. Xuddi shu nisbatda olganda, 2003 yilda Rio Ferdinandning 35 millionlik transferi klubga daromadiga nisbatan «qimmatroqqa» tushgan ekan. 

Bu shuni anglatadiki, dunyo futbolida maoshlar, xarajatlarning hammasi daromadga bog‘liq bo‘lib, proporsional ravishda o‘sib bormoqda. Futbolchilarning boy badavlat bo‘lib ketishlari ham, ushbu sohaga katta pullar kirib kelgani, aniqrog‘i, bu soha yaratayotgan mahsulotlarning narxi o‘sib borayotganidir.

Bu mavzuni tilga olganimning sababi, o‘zbek futbolidagi maoshlar qaysi manbadan hisoblanishi, qaysi ko‘rsatkichlarga proporsional hosil bo‘lishiga e'tibor qaratishni istardim.

Agar futbolchining odatiy ravishda yil boshida oladigan «ko‘tarma puli», maoshi va mukofot pullarini hisobga olsak, superligadagi o‘rtamiyona futbolchi taxminan 10 million atrofida daromad qiladi, deyish mumkin. Bu O‘zbekiston sharoitida oddiy xalqqa nisbatan bir necha barobar ko‘p, shunday emasmi? Birovning pulini sanash, noto‘g‘ri, qachonki, agar u o‘sha pulni mustaqil daromad qilib topayotgan bo‘lsa... Men bu yerda alohida futbolchini olmayman, umuman o‘zbek futboli o‘z sohasida futbolchilarga shunchadan maosh to‘laydigan darajada daromad qilyaptimi?

Ikki xil oylik bor: budjet va xususiy sektor. Xalq ta'limi yoki sog‘lomlashtirish davlatning, boshqacha aytganda, soliq to‘lovchilarning bo‘ynida, shuning uchun vrach yoki o‘qituvchining maoshini budjet to‘laydi. Buni bilamiz. Vrachning yoki o‘qituvchining xalqqa keltirayotgan nafi qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan darajada, qandaydir foyda yoki zarar o‘lchoviga kiritib bo‘lmaydi. Davlat adolat va insof doirasida shu va yana boshqa budjet sohalariga maosh belgilaydi. Rozimiz.

Keyingi xususiy sohada esa, oylikni korxona rahbari belgilaydi. Oylik albatta, o‘sha korxonaning daromadiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi shart.

Tasavvur qiling, siz bir ishlab chiqarish korxonasi rahbarisiz. O‘n ishchingiz bilan bir oyda 10 millionlik mahsulot ishlab chiqarasiz va uni sotasiz. 10 millionga. Endi, o‘sha o‘n nafar ishchining har biriga 2 milliondan oylik bera olasizmi? Ya'ni bir oyda maosh uchun 20 million sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Har oy 10 million daromad, 20 million maosh. Agar siz mana shu tarzda ishlasangiz, tez kunda bankrot bo‘lasiz. Demak, xususiy sektordagi maoshlar korxona rentabelligiga bog‘liq bo‘ladi.

Endi savol tug‘iladi, futbol sohasida, futbolchilar qaysi sohaga kiradilar? Budjetmi yoki xo‘jalik sektori? Agar budjet bo‘lsa, futbolchining bir yildagi mehnati o‘qituvchi yoki vrachnikidan besh barobar ko‘p bo‘lishi aqlga sig‘adimi? Agar xo‘jalik sektori deb qabul qilsak, futbol klublarimiz futbolchilarga oyiga 10-15 million maosh to‘lay oladigan qadar daromad qila olyaptilarmi? Xo‘sh, bu summalar, umuman bir yaxshi futbolchiga necha pul to‘lash kerakligi qaysi qonuniyat asosida paydo bo‘lgan? Asoslimi?

Paradoks shundaki, Yevropada maoshlar va xarajatlar daromaddan kelib chiqib, rejalashtirilsa, bizda avval xarajatlar smeta qilinadi va shundan kelib chiqib, pul axtarish boshlanadi.

Sportchilarning oddiy xalqdan ko‘ra ko‘proq pul topishini oddiy qabul qilishimizning sababi aslida, noo‘rin taqqoslashdan kelib chiqadi. Bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmaganimizning ham sababi shu yerda. Hamma yerda shunaqa, deb Yevropadagi futbolchilarning aql bovar qilmas maoshlari haqida o‘ylab qolamiz va hammasi normal deb ketaveramiz. Hatto futbolchilarimizning saviyasi tanqid ostiga olinganda, ba'zi «futbolni yaxshi tushunadigan» mutaxassislarimiz yevropalik futbolchilar daromadini pesh qilganini va Messidan ming barobar kam oylik olayotgan futbolchilarimiz saviyasi Messidan sezilarli past bo‘lishini normal baholaganliklarini eshitganman.

Rostan ham Messi bir haftada oliy ligamizda to‘p surayotgan o‘sha 500ga yaqin futbolchining bir oyda topadigan jami daromadidan ko‘p maosh oladi. Farq, dahshat-a? Terma jamoamiz omadi kelib qolsa, o‘sha Messi to‘p suradigan Argentinani 0:0 hisobida «g‘ajib tashlashiyam» mumkin. Shuni nazarda tutsak, futbolchilarimiz ancha kam pul topayotganga o‘xshab qoladi. Va o‘sha 10 million haqida gapirganda, Messi bilan solishtiramiz, o‘qituvchi bilan emas. Xo‘p, deb ketaveramiz. O‘qituvchi bo‘lish oson, yaxshi futbolchi bo‘lish oson emas. Iqtidor kerak.

Shunaqa deb ketaveramiz. Aslida-chi? Aslida gap saviyaning o‘zida emas. Shartli «Lokomotiv» va «Manchester Yunayted»da to‘lanayotgan maoshlarning asoslarida ekanini yuqorida ham aytdik.

Messiga haftasiga falon ming yevro maosh to‘layotgan «Barselona» o‘sha haftada bu summadan bir necha barobar katta pul topadi. Umuman, Yevropa klublari har hafta futbol ishlab chiqaradi va uni sotadi. Futbolni futbolchilar, murabbiylar, personal va boshqalar ishlab chiqaradi. Muxlislar, teletomoshabinlar sotib oladi. O‘sha futbolfurushtlikdan kelib tushgan pulga qarab maosh belgilanadi. Ya'ni Messiga to‘lanayotgan pulning ortida asos bor. «Ayaks» sotayotgan futbol arzonroq, demak, «Ayaks» futbolchilariga kamroq pul to‘laydi. Hammasi bog‘langan.

Xo‘sh, «Lokomotiv» yoki «Nasaf» yoki boshqa bir futbol klubimiz futbolni nech puldan sotishmoqda-yu, uni ishlab chiqarayotgan futbolchilariga uning qancha qismini bermoqda? To‘g‘ri, boyagi korxona misolida aytadigan bo‘lsak, ishlab chiqarishni rivojlantirib, tovarni raqobatbardosh qilib olguncha, ba'zida, daromaddan ko‘ra kattaroq xarajat qilinishi normal holat. Ammo bu vaqtincha bo‘ladi, hamda tovar narxini oshirish yoki xarajatni kamaytirishga yo‘naltirilgan tizimda ishlanadi. Yildan yilga ahvol o‘nglanib qoladi. Bizdachi?

Futbolchilarning oyligi kamayib ketsa, rag‘bat bo‘lmasa, futbolga bo‘lgan qiziqish o‘ladi, yaxshi futbolchilar chiqmay qo‘yadi, deyishingiz ham mumkin. Yo‘q.

Qarang, 10 nafar bokschimiz olimpiadaga bordi va 200 ming dollar yutish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mana shu o‘n nafardan tashqari, minglab bokschilar bor. Ular futbolchilar kabi katta maosh olishmaydi. Ularda 200 ming yutish imkoniyati ham bo‘lmadi. Lekin o‘sha 10 nafar bokschi chiqdi-ku? Boshqa bokschilar boksni tashlab ketishmadi-ku? Odil Ahmedov yoki Vitaliy Denisov yetishib chiqishi uchun yana 490 futbolchiga 5 milliondan oylik to‘lab yurishga muhtojmizmi?

Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov boshqa holatda ham yetishib chiqqan bo‘lardi. Hatto ko‘proq Ahmedovlar yetishib chiqardi balki. Sababi, O‘zbekiston chempionati klubida to‘p surib yurishdan foyda yo‘q, oylik kam, imkon qadar o‘z ustida ishlab Rossiyaga yoki boshqa chet elga ketishni o‘z oldiga maqsad qiladi. Ko‘proq ter to‘kadi. Aksincha, kuchli 490talikka kirvolib, o‘qituvchidan besh barobar ko‘p oylikda tirikchilikni o‘tkazib yurish varianti bo‘lmasa, Ahmedovlar ko‘payadi, deb o‘ylayman.

Hojiboy Tojiboyevning mashhur latifasi bor-ku, bir chol barcha farzand-nevaralariga katta meroslarni taqsimlab beradi va oxirida «Ey xudo, endi men buncha pulni qayerdan olaman?», deb nola qiladi. BMT o‘sha holatga e'tibor qaratgani bilan, ertaga, ayollarni Messi kabi maosh oladigan qilib qo‘ya olmaydi, chunki BMTda o‘shancha pul yo‘q, topolmaydi.

Ammo bizning latifamizdagi «chol» shuncha pulni qayerdan olib beryapti, bu juda muhim, lekin hech qachon javobi topilmaydigan savol bo‘lsa kerak.

Qahramon Aslanov

Top