09:40 / 25.06.2019
21763

Prezident maktablariga saralash bosqich imtihonlari boshlanmoqda

1—22 iyun davomida Prezident maktablariga jami 28 446 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan 9260tasi (32,5 foiz) onlayn, 19 186 nafari (67,5 foiz) esa oflayn usulda, ya'ni bevosita qabul markazlari orqali hujjat topshirgan. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi xabar berdi.

Onlayn topshirilgan, ammo belgilangan talablarga javob bermagan va rad etilgan hujjatlar soni 791tani tashkil etgan bo‘lsa, ota-onalarga tahrirlashga yuborilgan, ammo tahrirlanmagan arizalar soni 211tani tashkil etdi.

Topshirilgan umumiy 28 446 talabgordan 27 446 nafari saralash bosqich imtihonidan o‘tish imkoniga ega bo‘lishdi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p – 7 724ta hujjat Namangan viloyatidagi Prezident maktabiga kelib tushgan. Qoraqalpog‘istonda 7 456ta, Xorazmda 6 503ta, Toshkent shahrida 5 763ta hujjat qabul qilingan.

Eng ko‘p – 8 727ta ariza 5-sinf uchun qabul qilingan, eng past ko‘rsatkich 10-sinflar orasida – 2 350ta.

Imtihonlarni davlat (o‘zbek) tilida topshiruvchi o‘quvchilar soni 22 051, qoraqalpoq tilida 4 847 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, ingliz tilida topshiruvchilar soni 621 nafarni tashkil etdi.

Bir o‘ringa o‘rtacha raqobat 49 o‘quvchini tashkil etgan bo‘lsa, eng yuqori raqobat 5-sinfga topshirgan talabgorlar o‘rtasida – 1 o‘ringa 92 nafar o‘quvchini (Namanganda 118 o‘quvchi) tashkil etadi.

Prezident maktablariga 1—22 iyun davomida umumiy topshirilgan hujjatlar bo‘yicha batafsil ma'lumotni (hududlar, sinflar, raqobat, jinsi va boshqa kesimlarda) infografikada ko‘rishingiz mumkin.

Prezident maktablariga hujjat topshirgan talabgorlarning soni rejalashtirilgandan ham oshib ketgani sababli kirish imtihonlarini o‘tkazishga mas'ul chet ellik tashkilot Cambridge assessment – saralash bosqich imtihonlari (pre-selection) o‘tkazilishi lozimligi ma'lum qilindi.

Prezident maktablariga saralash bosqich imtihonlari (pre-selection) qachon va qayerda bo‘lib o‘tadi?

Prezident maktablariga saralash bosqich imtihonlari (pre-selection) 2019 yil 26 iyun—3 iyul davomida bo‘lib o‘tadi.

Ota-onalar o‘quvchilar bilan birgalikda 2019 yil 26-27-28 iyun kunlari Prezident maktablari saralash imtihonlariga tayyorgarlik kunlari (oriention day) – saralash bosqich imtihonlari bo‘lib o‘tadigan binoga tashrif buyuradi va imtihonga tayyorgarlik bo‘yicha barcha tegishli ma'lumotlarni oladi.

OTA-ONALAR DIQQATIGA!

Qayerga va qachon tashrif buyurishni bilish uchun:

  • SMS xabarni kuting, ma'lumotnomada to‘ldirilgan telefon raqamingizga SMS xabar yuboriladi.
  • Ushbu SMS xabarni olganingizdan so‘ng Prezident maktablari rasmiy veb-sayti - PM.XTV.UZ orqali QAERGA VA QAChON tashrif buyurishingizni bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Kirish imtihonlari tayyorgarlik kuniga ota-onalar:

  • FAQATgina PM.XTV.UZ veb-saytda ko‘rsatilgan manzil, vaqt va kunda kelishlari kerak;
  • O‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining asli (original) bilan kelishlari shart.

Prezident maktablariga saralash bosqich imtihonlari 29-30 iyun va 1-2-3 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Batafsil ma'lumotlarni ota-onalar va o‘quvchilarga (orientation day) 26-27-28 iyun davomida xabar beriladi.

Saralash bosqich imtihonlari (pre-selection) bo‘lib o‘tadigan bino manzillari:

  • Toshkent shahrida - Toshkent shahri, «O‘zko‘rgazmasavdo» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bino (manzil: Toshkent sh., Beruniy ko‘chasi, 41-uy);
  • Urganch shahrida - Yoshlik sport majmuasi (manzil: Urganch sh., Yoshlik ko‘chasi, 1 uy);
  • Namangan shahrida - Barkamol avlod sport majmuasi (manzil: Namangan sh., Istiqlol ko‘chasi).
  • Nukus shahrida:
    • Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi (manzil: Nukus sh., M.Jumanazarov ko‘chasi, 172-uy) va
    • Nukus ixtisoslashtirilgan Olimpiya rezervlari maktab-internati (manzil: Nukus sh., Chimboy guzari, raqamsiz uy);
Top