20:23 / 26.06.2019
17538

Narpayning muammolar girdobida qolgan maktabgacha ta'lim tizimi va ziddiyatlarga sabab bo‘layotgan nosog‘lom muhiti

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Narpay tumanidan maktabgacha ta'lim tizimidagi muammolar, maktabgacha ta'lim muassasalaridagi kamchiliklar va boshqa bir qator e'tirozlar bildirilgan murojaat keldi.

Murojaatda aytilgan masalalarni o‘rganish maqsadida Narpay tumanida bo‘ldik va ayrim maktabgacha ta'lim muassasalaridagi holat bilan tanishdik.

Tumandagi 35-maktabgacha ta'lim muassasasidagi holatni kuzatar ekanmiz, bu yerda ozodalikka yetarlicha e'tibor berilmaganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, oshxona antisanitar holatda. Bolalarga tarqatiladigan mahsulotlar ham talab darajasida saqlanmayapti.

Ushbu muassasadagi tarbiyachilar va oshpaz ham maxsus liboslar kiymagandi.

Muassasa mudirasi Nodira Ergashevani bino hududida uchratolmadik. Hamshira Dilnoza Xudoyorovadan esa ushbu holatlar yuzasidan yetarlicha izoh ololmadik.

Murojaatda bildirilgan e'tirozlar asosida navbatdagi maktabgacha ta'lim muassasasiga yo‘l oldik.

8-maktabgacha ta'lim muassasasi avariya holatida bo‘lgani tufayli maktab binosiga ko‘chirilgan ekan. Muassasa mudirasi Dilbar Shamsiyeva bizni kutib olgan xona ham mudira, ham hamshira uchun, qolaversa, bolalarga sport xonasi sifatida ham xizmat qilar ekan.

Bolalarga tayyorlanadigan taomlar mahsulotlari muassasaning eski binosida saqlanar ekan. Ammo antisanitar holatda. Bu joy turli eski jihozlar uchun ombor vazifasini ham o‘tar ekan.

Muassasa mudirasi bu kabi tartibsizlikni boshqa joy yo‘qligi bilan izohladi va sharoitlar yetarli emasligi, bor imkoniyatdan foydalanib faoliyat yuritayotgani, muassasaning eski binosi ta'mirlanishi tegishli dasturga kiritilmayotganini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng 62-maktabgacha ta'lim muassasida bo‘ldik.

Bu muassasadagi abgor holat, tartibsizlik va ozodalik ahvoliga maymunlar yig‘lasa bo‘lar ekan.

Muassasa oshxonasida antisanitariya holati hukmron. Ozodalikka umuman e'tibor berilmagan. Bunga quyidagi suratlarda ham guvoh bo‘lish mumkin.

Ushbu muassasa mudirasi Sh.Qarshiyevani topishning imkoni bo‘lmadi. Hamshiraning bildirishicha, muassasada 40 nafar tarbiyalanuvchi bor. Demak, belgilangan me'yorga ko‘ra, taomlarga 4 kilogramm go‘sht solinishi zarur. Taomlardagi go‘sht miqdorini ko‘rganimizda u hattto 0,5 kilogramm ham chiqmasligiga guvoh bo‘ldik.

Bundan ko‘rinib turibdiki, bu muassasada nafaqat tartibsizlik, balki bolalar rizqidan o‘g‘irlash holatlari ham mavjud. Bu borada mutasaddilar tegishli choralar ko‘rishi lozim.

Bolalar uchun tayyorlanadigan taomlarning saqlanish holatini ko‘zdan kechirish istagini bildirganimizda, muassasa hamshirasi X.Qarshiyeva omborxona kalitini topish bahonasida bizga qaytib qorasini ko‘rsatmadi. Uni muassasada qaytib ko‘rishning imkoni bo‘lmadi.

Tahririyatga yuborilgan murojaatda tuman maktabgacha ta'lim bo‘limida guruhbozlik, bo‘lim mudirasi tomonidan muassasalar mudiralaridan turli bahonalar bilan pul yig‘ilishi, ayrim maktabgacha ta'lim muassasalari mudirlari oliy ma'lumotga ham ega emasligi, umuman tizimda nosog‘lom muhit yuzaga kelgani ham keltirib o‘tilgan.

Tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi tomonidan pul yig‘ilishi holati yuzasidan ayrim muassasalar mudiralaridan izoh so‘radik. Ochig‘i, bu holatni rad etgani ham, tasdiqlagani ham bo‘ldi.

Murojaatdagi e'tirozlar va o‘zimiz guvoh bo‘lgan yuqoridagi holatlar yuzasidan Narpay tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Asqarjon Rustamov va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Sojida Usmonova bilan suhbatlashdik.

Dastlab A.Rustamov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Tizimdagi mavjud muammolar tumanda bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Tuman maktabgacha ta'lim bo‘limida yuzaga kelgan nosog‘lom muhit haqida gapiradigan bo‘lsa, haqiqatan ham bo‘limdagi ayrim xodimlar va ayrim muassasalar mudiralari bo‘lim mudirasi bilan ziddiyatga kelib qolgan. Shuning uchun turli shikoyat-u yozishmalar bo‘lmoqda. Bu maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasining qattiqqo‘lligi va ularning ba'zi takliflarini qabul qilmagani tufayli yuzaga kelgan. Bu holatlar ham tezda bartaraf etiladi», — deydi tuman hokimi o‘rinbosari.

So‘ngra murojaatdagi e'tirozlar bo‘yicha tuman maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari Sojida Usmonova izoh berdi.

«Tan olib aytish kerak, ayrim maktabgacha ta'lim muassasalarida oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan mudiralar ishlayogani rost. Bu kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq. To‘g‘ri, barcha mudiralar oliy ma'lumotli bo‘lishi kerak, ammo biz vaqtincha shunday yo‘l tutishga majburmiz. Muassasalardagi mahsulotlardan urib qolish, o‘g‘irlash holatlari uchrayotgani ham rost. Hanuz bu muammoga barham berolmayapmiz. Bu borada ham tegishli ishlarni amalga oshiramiz. Men va bo‘limdagi ayrim xodimlar o‘rtasidagi ziddiyatga keladigan bo‘lsak, hozir ular xatosini tushunib mendan uzr so‘rashgan. Ayrim muassasalar mudiralarining ba'zi talablarini bajarmaganim va mukofot pullari bermaganim uchun ular bilan ziddiyat yuzaga kelgan. Turli bahonalar bilan pul yig‘adi, degan gap tuhmat», – deydi Usmonova.

Biz bu holat yuzasidan Usmonovaga ayrim faktlarni keltirib o‘tganimizdan keyin ba'zi holatlarni aytib o‘tdi.

«Siz keltirib o‘tgan faktlar bu tumandagi bolalar yozgi oromgohi bilan bog‘liq. Oromgoh mavsumga tayyorlash uchun tuman hokimi tomonidan tashkilotlarga bo‘lib berilgan. Maktabgacha ta'lim bo‘limiga ham bir-ikkita xona berilgan. Ammo hokim majburlab pul yig‘ilsin, deb topshiriq bermagan. Biz muassasalar mudiralariga bu hashar yo‘li bilan qilinishi va ixtiyoriyligini aytganmiz. Siz keltirgan fakt va audioyozuvdagi ovoz bo‘limimizda ishlaydigan Sobir aka ismli kishiga tegishli. U kishi «hokimning topshirig‘i bu» deb, mudiralardan pul so‘raganini audioyozuvdan eshitdim, ammo bu hokim topshirig‘i emas. Yuqorida ta'kidlaganimdek, bu ixtiyoriy edi», — deydi S.Usmonova.

O‘rganishlardan ko‘rinib turibdiki, murojaatda keltirilgan e'tirozlarning asosiy qismi o‘z isbotini topdi.

Birinchidan, haqiqatdan ham maktabgacha ta'lim muassasalarida muammolar yetarlicha.

Ikkinchidan, tumandagi maktabgacha ta'lim tizimida umuman nosog‘lom muhit shakllangan. Bu maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari va bo‘lim xodimlari, muassasalar mudiralari o‘rtasidagi ziddiyatda ham ko‘rinib turibdi.

Uchinchidan, ayrim muassasalarda oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan mudiralar faoliyat yuritmoqda. Bunga tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari kadrlar yetishmovchiligi muammosini vaj qilib keltirdi.

To‘rtinchidan, tuman hokimi bolalar yozgi oromgohini mavsumga tayyorlash uchun tuman tashkilotlari, jumladan, maktabgacha ta'lim bo‘limiga ham ikkita xonani ta'mirlashni yuklagan ekan, xo‘sh, ular qaysi mablag‘ hisobidan bu ishni amalga oshiradi? Har holda, o‘z hisobidan bo‘lmasa kerak. Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi ta'kidlaganidek, ixtiyoriymi, majburiymi, har holda buning uchun muassasa mudiralaridan pul so‘ralgani rost. Qo‘limizdagi audioyozuvda tuman maktabgacha ta'lim muassasasi mas'ul xodimi «hokimi topshirig‘i bu», deya ta'kidlagan.

Demak, yana ta'lim tizimidagi xodimlarning turli ishlarga balogardon bo‘layotgani holatlariga hali barham berilmagan ko‘rinadi.

Kun.uz tumandagi yuqoridagi holatlar yuzasidan viloyat va tuman mutasaddilari tegishli choralarni ko‘rishi, tumandagi maktabgacha ta'lim tizimidagi nosog‘lom muhitga barham berishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top