08:15 / 27.06.2019
40116

Toshkentda hushini yo‘qotgan talaba metro relslariga yiqilib tushdi

Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston» bekatida yosh yigit metro relslari yotqizilgan hududga yiqilib tushgan, deb xabar bermoqda Kun.uz’ning huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi manbasi.

Foto: UzNews

Manba ma'lumotiga ko‘ra, u Namangan viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston milliy universitetida tahsil oluvchi 25 yoshli talabadir.

«U o‘zini lohas his qila boshlagan va hushini yo‘qotib, metro yo‘liga yiqilib tushgan. Ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan chora ko‘rib, uni chiqarib olishgan. Yigit tan jarohati olmagan. «Tez tibbiy yordam» chaqirilgan, biroq u tibbiy yordam va shifoxonaga yotqizilishdan bosh tortgan», — dedi manba.

Keyinroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uning qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilishgan, ular kelib, yigitni o‘zlari bilan olib ketishgan.

Top