07:00 / 29.06.2019
74087

Jizzaxdagi hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi - Bosh prokuratura

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Jizzax shahridagi «Istiqlol» bolalar istirohat bog‘idagi attraksionda ro‘y bergan hodisa yuzasidan ma'lumot berdi.

«2019 yil 28 iyun kuni soat 12.30larda Jizzax shahar, «Navro‘z» mahallasi hududidagi «Istiqlol» bolalar istirohat bog‘idagi YaTT «Mamatqulov Burxon»ga qarashli «Uchar tarelka» attraksioni aylanayotgan vaqtida attraksionning «tarelka» qismi tayanch o‘qiga payvandlash chokidan uzilishi oqibatida 7 metr balandlikdan yerga qulab tushgan bo‘lib, 8 nafar mijozdan bir nafari, ya'ni 1999 y.t. X.M. «hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati» olib voqea joyida vafot etgan.

«Uchar tarelka» attraksioni 2019 yil mart oyida «Istiqlol» bolalar istirohat bog‘iga o‘rnatilgan bo‘lib, YaTT «Mamatqulov Burxon» tomonidan foydalanib kelingan.  

Voqea sodir bo‘lgan joyga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, Jizzax shahar prokurori, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, shahar IIO FMB boshlig‘i va boshqa tezkor xodimlar chiqishdi.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan 28.06.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 257-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi bosh prokuratura ma'lumotida.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda va viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid
Top