12:40 / 30.06.2019
5188

Mudofaa vazirligi jamoasi «ReMBAT – 2019» xalqaro tanlovida qatnashishga tayyorgarik ko‘rmoqda

O‘zbekiston armiyasining kun sayin yuksalib, kuch-qudratga to‘lib borayotgani xalqaro armiya o‘yinlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. G‘alaba esa o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritiladigan narsa emas. Bularning zamirida tinimsiz mehnat, mashaqqat, mashqlarda toblangan metin iroda mujassam.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Xalqaro armiya o‘yinlariga kiritilgan «ReMBAT» – «Eng ilg‘or ta'mirlash va evakuatsiya bataloni» ko‘rik-tanloviga Mudofaa vazirligi jamoasi ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Musobaqa shu yilning 3-17 avgust kunlari Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida bo‘lib o‘tadi. E'tiborli jihati shundaki, «Eng ilg‘or ta'mirlash va evakuatsiya bataloni» ko‘rik-tanlovi tashkil topganiga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur bahsda ishtirok etishga ilk bor kirishmoqda.

Hozirda Chirchiq poligonida kapitan Husan Muhammadiyev boshchiligidagi jamoa uch bosqichli mashg‘ulotlarni bajarishga kirishgan. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Oldimizda turgan vazifa judayam mas'uliyatli va buni musobaqada qatnashadigan shaxsiy tarkibning har bir a'zosi ich-ichidan his etib turibdi. Eng muhimi, yigitlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi mustahkam. Tinimsiz olib borilayotgan mashg‘ulotlar esa bizni g‘alaba sari tobora yaqinlashtirib boraveradi. Nasib qilsa, yurtimizga g‘alaba bilan qaytib kelamiz», – deydi podpolkovnik Ismoil Navro‘zov.

Top