11:50 / 01.07.2019
4573

Godin «Inter»ga o‘tdi

Urugvay milliy jamoasi himoyachisi Diyego Godin erkin agent sifatida Milanning «Inter» klubi safiga o‘tdi. Bu haqda italyan klubi rasmiy sayti ma'lum qildi.

33 yoshli futbolchi bilan 3 yillik shartnoma tuzilgan.

COPE radiosining xabar qilishicha, Godin yangi jamoasida yiliga 6,75 mln yevro maosh oladi. Bu uning sobiq jamoasi «Atletiko»dagi maoshidan 35 foizga ko‘proq, «neradzurri» futbolchilari orasidagi eng yuqorisi demakdir.
 

Godin 2010 yildan buyon «Atletiko»da to‘p surib kelayotgandi. U Madrid jamoasi bilan Ispaniya chempioni bo‘ldi, mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi, ikki marta Yevropa ligasida, uch marta UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi; shuningdek, Ispaniya Superkubogida g‘olib bo‘ldi. U jamoa bilan ikki marta Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan, ammo ikki safar ham «Atletiko» «Real»ga yutqazgan. Godin «matraschilar» jamoasi safida jami 277 o‘yin o‘tkazgan va  17 gol urgan.

Endilikda u A Seriyaning o‘tgan mavsumida eng kam gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha ikkinchi bo‘lgan klubning himoya chizig‘ini yanada mustahkamlaydi.

Qo‘shimcha qilish joiz, Godin shu yil mart oyida Urugvay milliy jamoasidagi 126-o‘yinini o‘tkazgan va bu borada terma jamoa rekordchisiga aylangan edi. Kuni kecha urugvayliklar Kopa Amerika chorak finalida Perudan penaltilar seriyasiga ko‘ra yutqazib, musobaqani tark etdi.

Top