15:30 / 01.07.2019
4087

O‘zbekiston delegatsiyasi YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasi sessiyasida ishtirok etmoqda

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasi 43-sessiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Ozarboyjonning birinchi vitse-prezidenti, YuNeSKO ko‘ngilli elchisi Mehribon Aliyeva ishtirok etdi. Shuningdek, YuNeSKO bosh direktori Odre Azule, tashkilotning Ijro kengashi raisi Li Ben Xyon va Ozarboyjon respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayev ham so‘zga chiqishdi. Butunjahon merosi qo‘mitasi 43-sessiyasida O‘zbekistondan YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasida dunyoning 180dan ortiq mamlakatidan 2500dan ziyod kishi - vazirlar, YuNeSKO elchilari, tegishli tashkilotlarning bosh direktorlari,  xalqaro tuzilmalarning Ozarboyjondagi elchilari va mamlakat hukumati a'zolari qatnashmoqda.

Qo‘mitaning Bokudagi sessiyasida YuNeSKO ro‘yxatiga kiritish uchun 42 arizadan 36 taqdimot ko‘rib chiqiladi.  Bulardan 6 taklif - tabiiy merosga, 28tasi - madaniy merosga va 2tasi aralash (tabiiy va madaniy) merosga taalluqli. Ikki kunlik sessiya doirasida Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari YuNeSKO bosh direktori Odre Ozule, Ozarboyjon bosh vazir o‘rinbosari D.Ahmedov, madaniyat vaziri A.Garayev, ta'lim vaziri D.Bayramov, Turizmni rivojlantirish davlat agentligi raisi F.Nagiyev, YuNeSKO Butunjahon merosi markazi direktori M.Ryossler hamda Butunjahon merosi qo‘mitasiga a'zo 21 mamlakat delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

«Bugungi kunda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasida ko‘p bosqichli va samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning oktyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning YuNeSKO shtab-kvartirasiga tashrifi davomida imzolangan «Mamlakatlar dasturi» doirasida madaniyat,  ta'lim,  ilm-fan va AKT rivoji kabi yo‘nalishlarga oid muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Tomonlar o‘rtasida O‘zbekistonning moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrash masalalari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan konstruktiv muloqotni alohida ta'kidlash joiz, bu respublika tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha normalar hamda YuNeSKOning ushbu yo‘nalishdagi tavsiyalarini to‘liq ta'minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov «Ipak yo‘li» Xalqaro turizm universiteti rektori sifatida Ozarboyjon turizm va menejment universiteti bilan ta'lim va ilm-fan bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzolashi kutilmoqda. 

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston tomonning taklifi bilan IKOMOS tarkibidagi yuqori reaktiv monitoring missiyasi Shahrisabz, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘ldi va 2016 yil oxiridan boshlab O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan ijobiy choralarni rasman qayd etdi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi «Moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, 2018 yil 16 yanvardagi «Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obektlarini muhofaza qilish va foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi topshirig‘i, hukumatning «O‘zbekiston Respublikasi YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarini muhofazalash» hamda «O‘zbekiston Respublikasi YuNeSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya faoliyatini takomillashtirish»ga doir qarorlari (09.06.2018) qabul qilindi. O‘zbekiston Respublika Madaniyat vazirligida YuNeSKO ishlari bo‘yicha maxsus bo‘lim ochildi. Bugunga kelib mamlakatda joylashgan butunjahon merosi obektlarida barcha turdagi qurilish ishlari moratoriysi amal qilmoqda. Respublika parlamentiga butunjahon merosi obektlarida nosanksion olib boriladigan ishlar uchun jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi.

Qo‘mitaning Bokuda o‘tayotgan sessiyasi davomida O‘zbekiston delegatsiyasining Shahrisabz, Samarqand va Buxorodagi madaniy merosni saqlash bilan bog‘liq hisobotlari ko‘rib chiqiladi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning jahon merosi obektlarini saqlashga doir tegishli qaror va tavsiyalari qabul qilinadi. Qayd etish joizki, O‘zbekiston hukumati qadimiy shaharlaridagi madaniy merosni saqlash masalalarida nufuzli xalqaro ekspertlar bilan ish olib bormoqda. Xususan, Fransiyaning mashhur Shaharni rejalashtirish instituti mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular Samarqand shahrining bosh loyihasi va menejment rejasini ishlab chiqishda ko‘mak berishmoqda. Hujjatlar YuNeSKO xalqaro standartlari va talablariga to‘liq muvofiq keladi. Shahrisabzda IKOMOS xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda jahon merosi chegaralarini o‘lchash hamda shahar qiyofasini uning xalqaro maqomiga muvofiq o‘zgartirishga doir aniq rejalar ishlab chiqiladi. O‘zbekiston ulkan va noyob madaniy merosga ega bo‘lib, bu ularni konservatsiyalash, asrash va restavratsiya qilishga oid kundalik mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning avgustida Samarqandda YuNeSKO shafeligi ostida moddiy va nomoddiy merosni asrashga doir xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda YuNeSKO bosh direktori Odri Ozule va 45 mamlakatning shu sohada faoliyat yurituvchi 200dan ziyod olim, ekspert va mutaxassislari ishtiroki kutilmoqda. Mazkur konferensiya madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish yo‘lidagi dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish, xalqaro tajribani o‘rganish, tarixiy-madaniy merosni saqlashni ta'minlash bo‘yicha milliy tizimni takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi davlat va jamoatchilik tashkilotlari faoliyatining asosiy vektorlarini aniqlash imkonini beradi», deyiladi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning feysbukdagi rasmiy sahifasida joylashtirilgan ma'lumotda. 

Top