17:06 / 01.07.2019
37749

O‘zbekistonda yil boshidan buyon birinchi marta deflyatsiya qayd etildi

Foto: Shutterstock

2019 yilning iyun oyida iste'mol bozorida umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyatsiya ko‘rsatkichi 0,5%ni tashkil qildi. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak beryapti.

Umumiy hisobda, 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,6%ga qimmatlashdi. 2018 yilning iyun oyiga nisbatan respublika iste'mol sektoridagi o‘rtacha narxlar 13,6%ga oshdi 

Yirik guruhlar bo‘yicha narx o‘zgarishlariga nisbatan, 2019 yilning iyun oyi natijalariga ko‘ra tovarlar 0,8%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,8%ga pasaydi. Nooziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 0,6%, xizmatlar esa 0,7%ga qimmatlashdi. 

Umumiy hisobda, 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari 5,9%, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,2%, xizmatlar 5,3%ga qimmatlashdi. 

Yil davomida (2019 yil iyun oyi 2018 yilning iyun oyiga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,3%, nooziq-ovqat mahsulotlari 10,9%, xizmatlar 12,9%ga ko‘tarildi. 

Oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchilik joriy oy davomida alkogolsiz ichimliklar va go‘sht mahsulotlari (narxlar mos ravishda 1,4% va 0,8%), shuningdek spirtli ichimliklar va umumiy ovqatlanish (0,7%) guruhiga tegishli bo‘ldi. 

Oy davomida ko‘proq darajada pomidor (57,2%) va bodring (52,1%) mahsulotlari narxlari pasaydi. Keyingi o‘rinlarda karam (36,3%ga), tarvuz (22,1%ga) va qovun (10,7%ga) qayd etilgan. Shu bilan bir qatorda, piyoz (31,1%ga), sitrus mevalar (1,4%ga), lavlagi (0,1%ga) narxlarining o‘sishi kuzatildi. 

Mavzuga oid
Top