11:21 / 01.07.2019
8444

Samarqanddagi xiyobonlarda Milliy gvardiya tomonidan o‘rnatilgan javonlardan kitoblarni o‘g‘irlab ketishdi

Zarnews.uz telegram kanalining «Kun fotosi» ruknida «Mana, bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy xiyoboniga o‘rnatilgan kitob javoni hali ham bo‘m-bo‘sh. Mazkur javon nima maqsadda qo‘yilgan?» deb savol berilgan edi.

Xiyobonda bo‘m-bo‘sh turgan kitob javoni yuzasidan Milliy gvardiya viloyat bo‘limi izoh bergan:

«Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari prezident tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning 4-yo‘nalishi ijrosini ta'minlash hamda yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida 2019 yil 26 iyun kuni Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni va Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududiga kitob javonlari o‘rnatgan. Ushbu kitob javonlariga turli xil badiiy kitoblar qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad — yoshlar bo‘sh vaqtida javonda turgan kitoblarni olib o‘qib, yana joyiga qo‘yib ketishi kerak bo‘lgan».

Biroq, kitobni o‘qish uchun olgan mushtariylarning birortasi uni joyiga qaytarmagan.

«Ammo bugungi kungacha hamshaharlarimiz tomonidan javondagi kitoblar olib ketilgan va qaytarilmagan. Ko‘ksaroy maydonidagi javonga ikki marta, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududidagi javonga esa uch marta 200 ga yaqin kitob qo‘yilgan. Kitoblarni o‘g‘irlatmaslik maqsadida kelgusida mazkur javonlarga to‘liq video kuzatuv uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan».

Milliy gvardiya fuqarolarga murojaat bilan chiqqan:

«Hurmatli fuqarolar! Ushbu javonlardagi kitoblar uyda o‘qish uchun emas, balki xiyobonning o‘zida — kitob javoni yonidagi o‘rindiqlarda o‘tirib, o‘qib bo‘lgach yana joyiga qaytarib qo‘yish uchun qo‘yilgan. Zero, sizdan boshqa fuqarolar ham bunday kitoblarni o‘qish ishtiyoqida yurganini unutmang». 

Top