17:01 / 01.07.2019
41106

Zamonaviy «reket»ning sud qaroridagi aksi: «Bergan 150 ming so‘ming ustiga yana 10 million so‘m to‘laysan!»

Foto: KUN.UZ

Islohotlarning asosiy bo‘g‘inida sud tizimini isloh qilish turishi haqida ko‘p ta'kidlandi. Ammo o‘zbekning azaliy maqollariga ham tan bermay iloj yo‘q – «qozi turtkilasa, dodingni kimga aytasan?». Bugungi mavzumizga asos bo‘lgan murojaatdagi sud qarori ham har jihatdan o‘rganishga, hayratlanishga va islohotlarga «o‘rnak» qilishga arziydi.

Keling, bir boshidan boshlaymiz.

2016 yil oddiy kunlarining birida, yo‘g‘-ye, hamma bir-biriga yaxshilik istagan 21 mart — «Navro‘z» bayrami kunida buvaydalik Husniddin Meliboyev o‘zi boshqarib ketayotgan «Damas» avtomobilida shu tumanda yashovchi Sarvar Rahmonovga tegishli «Matiz» avtomobilini turtib yuboradi. Endi bundan hech kim sug‘urtalanmagan, aylangan g‘ildirak borki bir joyga urilishi mumkin. Xayriyatki, YTH natijasida hech kim jarohat olmaydi, vafot etmaydi.

Husniddin Meliboyev

Baribir YTH o‘z nomi bilan YTH, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, ehtiyotsizlik oqibatida bo‘lsa-da, kimdir bunda aybdor, albatta. «Damas» haydovchisi H.Meliboyev barcha aybni to‘liq zimmasiga oladi va S.Rahmonovga tegishli «Matiz»ni ta'mirlab beradigan bo‘ladi. O‘zi ustachilik qilib pul topib yuradigan yosh yigit lafzida turadi va mashinani ta'mirlatib ham beradi.

Biroq oradan o‘n kun o‘tib, 2016 yilning 31 mart kunida S.Rahmonov avtomobilsiz yurgan kunlari evaziga 150 ming so‘m talab qiladi. Bunisiga ham ko‘naylik, tovon to‘latib olishni tushunish mumkin, piyoda yurish kimga ham yoqardi? Shunda Husniddin hozir puli yo‘qligini, lekin muddat berilsa, albatta bu pulni ham berishini bildiradi. Buni hujjatlashtirish zaruratini yaxshi bilgan jabrlanuvchining o‘zi tilxat bitib, aybdorning 150 ming qarz bo‘lganini qog‘ozga muhrlaydi. Ammo tilxatga keyinchalik juda «ish beradigan» bir bandni ham tirkab qo‘yadi: «...agar qarzni ikki oy ichida uzmasam, avariya bo‘lgandan keyin (ya'ni 2016 yilning 21 martidan boshlab) cho‘zilgan har bir kun uchun 100.000 (yuz ming) so‘mdan (!) to‘lashga tayyorman. Bu pulni bermasam jazo qo‘llashingizga roziman», degan yozuv tagiga imzo chektiradi.

Tarixda iz qoldirgan va kitoblar qahramoniga aylangan Qori Ishkambalar ham, bank foizlarining piru-komili bo‘lib ketgan Rotshildlar oilasi vakillari ham bu taxlit tilxatga ko‘zlari tushsalar darhol mazkur tajribani o‘rganishga kirishishlariga shubha yo‘q.

Husniddin Meliboyev bir hafta muddat ichida 150 ming pulni topadi va Sarvar Rahmonovga qo‘ng‘iroq qiladi. S.Rahmonov pulni avtomobilni ta'mirlagan ustaga tashlab ketishni, keyinchalik undan olishini aytadi. H.Meliboyev pulni tashlab ketadi, o‘ziga tegishli, garov sifatida qoldirilgan hujjatlarni oladi, biroq 150.000 so‘m berishi kerakligi haqidagi tilxatni qaytarib olmaydi.

Eng qizig‘i shundan keyin boshlanadi. Oradan uch yildan ko‘proq (!) vaqt o‘tib, 2019 yilda H.Meliboyevning uyiga MIB vakillari kelishadi va 2016 yilda chiqqan qaror asosida 150.000 so‘m asosiy qarz, 10.000.000 so‘m qarzning foizi (!), jami 10.150.000 so‘m, yana davlat foydasiga 2.030.000 so‘m davlat boji undirish zarurligini bildirishadi.

Yuzaga kelgan vaziyatdan shokka tushgan H.Meliboyev tabiiyki S.Rahmonovning yoniga qarab chopadi. Ammo ularning murosalari kelishmaydi. Talab yagona – buyog‘ini MIB bilan gaplashaverasan. Ya'ni muxtasar qilib aytganda — pulni to‘la!

Husniddin pulni o‘z qo‘llari bilan bergan ustaning oldiga boradi. Usta ham pulni olganini va S.Rahmonovga berganini aytadi. Qizig‘i, ikkisi birgalikda shu yerning o‘zida qo‘ng‘iroq qilishganida jabrlanuvchining o‘zi ham mashina vaqtida ta'mirlab berilganini, tilxatda ko‘rsatilgan 150 ming so‘m pulni o‘z vaqtida olganini tan oladi. Lekin S.Rahmonov allaqanday mantiqqa suyanib o‘zining so‘zlariga o‘zi qarshi chiqadi va bir gapni takrorlayveradi: «moshinam ta'mirlangan, 150 mingniyam olganman, lekin men bilmayman, otam biladi, MIB biladi. Bor da'voying bo‘lsa ularga ayt...» (audioni tinglang). Uning so‘zlarini eshitarkansiz, vodiychasiga aytganda gap bilan yengib yuboruvchi chapanilar esga tushib ketadi.

H.Meliboyevning oilasi a'zolari S.Rahmonovning otasi yoniga bosh urib borishadi: «aka, keling, bir joyning odamimiz. Uch yil oldin hammasini tinchitgan edik-ku, endi bunisi nimasi? O‘zi o‘g‘limiz jo‘jabirday jon bo‘lsa...». Bunday paytda murosa yo‘lini o‘zi ko‘rsatib, mojaroga chek qo‘yishi lozim bo‘lgan, hozirda mahalla tizimida faol ishlayotgan, bir vaqtlar viloyat sudida sudyalik qilgan ota ham shu gapni ma'qullaydi: «sud qaror chiqaribdimi, to‘laysizlar-da!».

Endi bevosita sud qarori bilan tanishamiz. 2016 yil 28 iyun kuni bu ish sudya V.Madrahimov raisligida Qo‘qon tumanlararo sudida ko‘rib chiqiladi va bitta mahkamaning o‘zidayoq shartta nuqta qo‘yib yuboriladi.

Yana bir muhim jihat: javobgar Meliboyev Husniddin Po‘latjon o‘g‘li Buvayda tumani, Bachqir-guzar qishlog‘ida yashasa-da (ma'lumotnoma ilova qilinadi), Qo‘qon shahri, A.Navoiy mavzesi 33/25 manziliga chaqiruv qog‘ozi yuborilib, da'vogarning go‘yoki sudga kelmaganligi ish bir taraflama ko‘rib chiqilishiga asos qilib olinadi.

Yanada hayratga cho‘mdirgani — da'vo summasi hajmiga ko‘ra da'vogar 2.030.000 so‘m davlat boji to‘lashi lozim bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 7.500 so‘m to‘laydi va sud fuqarolik ishi qo‘zg‘ataveradi. 

Sudning qarorini to‘liq keltirishga hojat yo‘q, quyida ilova qilyapmiz. Lekin asosiy mazmunini ikki jumlada aytib o‘tamiz:

«Da'vo arizasi qanoatlantirilsin. Da'vogar S. Rahmonov foydasiga javobgar H.Meliboyevdan 150.000 so‘m asosiy qarz, 10.000.000 so‘m foizi, jami 10.150.000 so‘m undirish, davlat foydasiga 2.030.000 so‘m davlat boji undirilsin». 150 ming ustiga 12 million so‘m! Qoyilmisiz? Hatto da'vogarning o‘zi ham 10 million so‘ramagan (ariza mavjud) bu mahkamadagi sudyaning himmatidan biz qoyil qoldik.

Schyotchik yoqildi – 150 ming ustiga 10 million so‘m: sud qarorida aks etgan zamonaviy «reket»!

Sud deganlari odatda har ikki tomonni eshitishi, bordiyu bir taraf qaysidir sabab bilan sudda ishtirok etmasa, sababini aniqlashga urinishi, keyingi safar aynan belgilangan manzilga chaqiruv qog‘ozi borishini ta'minlashi shart. Sud birdaniga bo‘lib o‘tib ketishi shubhali, tomonlardan biri kelmasa, ishni ko‘rish odatda boshqa kunga qoldiriladi. Umuman hozirgi zamonda qog‘oz shunchaki hujjatga tirkash uchun, hammaning qo‘lida telefon bor — bitta qo‘ng‘iroq kifoya! Qolaversa, Buvayda ham Qo‘qondan uzoqqa qochib ketgani yo‘q, da'vogar yoki vakillaridan biri istagan paytda javobgarni topib kelishi mumkin edi.

Xo‘p, boringki da'vogar ham, uning oila a'zolari ham qumga singigandek yo‘qolib ketishgan deylik, sud o‘zi umumiy miqdori 150 ming so‘m qarzga (aslida qarz ham emas, bu haqda quyiroqda) qanday qilib har kuni (!) 100 ming so‘mdan foiz yozilishini ko‘ngil uchun ham so‘rab qo‘yishi, umumiy 10 million so‘m qayerdan chiqqanligini bildirishi va qarorga bu asosni ikki og‘izda tirkab qo‘yishi kerak emasmidi?

Eng qizig‘i, sud ishni da'vo predmetida undirilishi so‘ralayotgan 150 ming so‘m va unga hisoblangan foizlar zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari (Fuqarolik kodeksining 985-1004-moddalari)dan kelib chiqib emas, aksincha qarz shartnomasi (Fuqarolik kodeksining 732-735-moddalari) bo‘yicha malakalagan.

Bir kulging keladi, bir yig‘laging... Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga ko‘ra qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.

Endi bir o‘ylab, xolisona fikr yuritib ko‘ring-chi, hikoyamiz qahramoni Husniddin Meliboyev fuqaro Sarvar Rahmonovdan qarz olganmidi?...

Ish apellyatsiyada ham kassatsiyada ham ko‘rilmagan, chunki sud hal qiluv qarori chiqargani, uning ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat kiritish muddatlari o‘tib borayotganligidan javobgarning xabari yo‘q edi-da.

Faqatgina 2019 yilga kelib, X.Meliboyevning eshigi MIBchilar tomonidan taqillatilgandan so‘ng bu «sir» fosh bo‘ldi.

Keyinchalik bu qarorni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan ariza 2019 yilning 27 mart kuni aynan o‘sha oldingi sudya Valiyor Madrahimovning o‘zi tomonidan ko‘rib chiqilib, rad etish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Husniddin Meliboyev ham har qancha murosali bo‘lmasin bu mablag‘ni to‘lay olmasligini biladi va yon atrofga yuguradi. Yaxshiki apellyatsiya muddatlari o‘tib bo‘lgan bu ishning 3 yillik nazorat muddati o‘tmagan ekan va Oliy sudga kiritgan shikoyatida quyidagi haqli savollarni qo‘yadi:

1. Da'vogar Rahmonov Sarvar davlat boji sifatida o‘sha vaqtdagi stavka bo‘yicha 20 foiz — 2.030.000 so‘m to‘lashi lozim bo‘lib, bor-yo‘g‘i 7.500 so‘m to‘lagan bo‘lsa-da, sud qay tarzda bu kamchilikka ko‘z yumib da'vo arizani noqonuniy ravishda qabul qilib, fuqarolik ishi qo‘zg‘atgan?

2. Sud ishni ko‘rishni 2016 yil 24 iyun kuniga tayinlab ajrim chiqargan bo‘lib, keyinchalik bo‘yab, 28 iyunga o‘zgartirib qo‘yilgan (hujjat ilova qilinmoqda). Buning sababi nimada?

3. Javobgar Meliboyev Husniddin Po‘latjon o‘g‘li Buvayda tumani, Bachqir-guzar qishlog‘ida yashasa-da, nega Qo‘qon shahri, A.Navoiy mavzesi 33/25 manziliga chaqiruv qog‘ozi yuborilib, sudga kelmasligi ta'minlangan?

4. Sud tayinlagan 2016 yil 24 yo‘q, 28 (?) iyun kuni javobgar Meliboyev Husniddin sudga kelmagach (qanday kelsin, Qo‘qonga yuborilgan chaqiruv qog‘ozini Buvaydaga yetkazib berishmagandir), javobgarni sudga kelishini ta'minlash maqsadida boshqa kunga qoldirish o‘rniga, noqonuniy ravishda ishni sirtdan ko‘rishga qaror qilganiga nima turtki bo‘lgan?

5. Ishni javobgar Meliboyev Husniddinning ishtirokisiz ko‘rib, 150.000 so‘m qarz 3 oy o‘tkazib yuborilgani vaji bilan undan 10.150.000 so‘m va 2.030.000 so‘m davlat boji undirish haqida fantastik qaror chiqargan. Vaholanki, bu summa qarz emas, balki YTH oqibatida yetkazilgan zarar hisoblanadi. Sud bu qadar «osmono‘par» foizlarni asoslab bera oladimi, 150 ming so‘m uchun kuniga 100 ming so‘mdan ustama undirish mafiya gullagan to‘qsoninchi yillarni eslatib yubormayaptimi?

6. Eng muhimi, sud nega asosiy qarz deya malakalangan o‘sha 150 ming so‘m ham vaqtida uzilganini hisobga olmayapti?

Mayli, qaror chiqarilibdi ham. Lekin javobgar nega oradan 3 yil o‘tib, MIB xodimlari eshik qoqqanlaridan keyingina bundan xabar topgan? Shuncha vaqt o‘tib ma'lum qilinishida o‘ziga xos sabablar bo‘lsa kerak. Oldin bu ishlar bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan sud ijrochilari «zamonaviy sudxo‘rlik» balqib turgan bu ishga bosh qo‘shishni o‘zlariga ep ko‘rmagandirlar. Ammo bu orada MIB tashkil qilindi, har bir ish qat'iy nazoratga olindi va bu ish ham qalqib chiqdi.

«Xatga tushding, o‘tga tushding» deydilar. MIB xodimlari bu oilaga tegishli avtomashinaga band qo‘yishadi, qarzni mol-mulkka qaratib yuborishadi. Shunda Husniddinning otasi Po‘latjon aka yana murosa ilinjida eshik qoqib boradi, kamiga o‘rtaga bir-ikkita obro‘li insonlar tushishadi. «Mayli, o‘g‘limiz aybdor bo‘lsa sal yengillatib bering, balki bo‘lib-bo‘lib to‘larmiz, axir buncha qarz aqlga sig‘maydi-ku». Unib turgan tayyor pul kimga yoqmaydi, javob o‘sha-o‘sha – «MIB bilan gaplashaver, mening ishim yo‘q!».

Maqola xolis bo‘lishi uchun har ikki tomonning fikri, dalillari muhim. Shu tamoyil asosida da'vogar Sarvar Rahmonovga qo‘ng‘iroq qildik. Ammo u o‘zimizni tanishtirib, mavzuni aytishimiz bilanoq bu masalada gaplashishdan bosh tortdi (audio mavjud). Shuncha suhbatga tortishga urinishimizga qaramay gapni qisqa qildi va shunday dedi – «men siz bilan gaplashmayman, qarzi bormi, to‘lasin, gap tamom!».

Xullas, odamlari andishali, murakkab vaziyatlarda bosiq bo‘lgan Qo‘qonu-Buvaydada ana shunday mojaro. Ish hududdan ko‘chib chiqib Oliy sudda ko‘rilish arafasida. Ko‘ramiz, bu safar qanday tus olarkin? Xulosa esa o‘zingizdan.

So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan mazkur ish qayta ko‘rilishi bo‘yicha ajrim chiqarilgan. Ammo bu ajrim Husniddin Meliboyevning bandda turgan avtomashinasini olib chiqib foydalanish huquqini bermagan. Eng qizig‘i, yangi sud jarayonida yetkazilgan 150 ming zarar (qarz emas!) uchun oldingi qaror kabi 2-3 oyga 10 mln so‘m emas, balki o‘tgan 3 yilga yuqoridagi tartibda foiz hisoblash masalasi ko‘rilishi rejalashtirilgan! Ammo bu ma'lumotlar hali tasdig‘ini topgani yo‘q. Demak qiziqish bilan kuzatishda davom etamiz.

Abror ZOHIDOV.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top