21:34 / 03.07.2019
8818

The Guardian Xitoy chegarasida turistlarning telefonlariga josuslik dasturi o‘rnatilayotganini ma'lum qildi

Xitoy chegarachilari Qirg‘izistondan Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayoniga o‘tadigan turistlarning telefonlariga josuslik ilovalarini o‘rnatishmoqda. Bu haqda The Guardian gazetasi Süddeutsche Zeitung va The New York Times nashrlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan surishtiruv natijalariga asoslanib ma'lum qildi.

Sayohatchilar chegarani kesib o‘tishayotganida ulardan telefonlarini blokdan chiqarish va chegarachilarga taqdim etish so‘raladi. Gadjetlar alohida xonaga olib kirib ketiladi, so‘ngra egalariga qaytarib beriladi. Turistlarning so‘zlariga ko‘ra, ular telefonlariga dastur o‘rnatilishi haqida ogohlantirilmagan.

Nashrning yozishicha, xitoyliklar ishlab chiqqan josuslik dasturi foydalanuvchining ekstremizm mavzusiga qiziqishi, ro‘za tutishi, Xitoy hukumati bilan nizoda bo‘lgan Dalay-Lama faoliyatiga qiziqishlari to‘g‘risida ma'lumot to‘playdi.

Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayoniga har yili yuz millionga yaqin ichki va xorijlik turistlar tashrif buyuradi.

Nashrning xabar berishicha, ilgari Xitoy hukumati Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayonida yashovchi musulmon aholiga nisbatan sezilarli cheklovlar joriy qilgan.

Top