23:16 / 03.07.2019
62006

YPX xodimlari qachondan boshlab bodi kamera bilan jihozlanishiga aniqlik kiritildi - Hukumat qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi №556-sonli “Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, Prezidentning 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligi ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4075-sonli qarorida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasiga 2019 yil 1 aprelga qadar ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun videokameralar hamda planshetlar xarid qilish choralari topshirilgan edi.

Biroq O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan ortiqcha sansalorlik va byurokratizm ushbu topshiriqning o‘z muddatida bajarilmasligiga sabab bo‘lgan.

Hukumatning yangi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati 2020 yilning 1 yanvariga qadar ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan ta'minlash uchun shaxsan mas'ul ekanligi haqida ogohlantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 1 dekabrdagi №975-son qarorini bajarish muddatlari buzilganligi, chunonchi, YPX xodimlari 2019 yil 1 iyuldan boshlab videokameralar bilan ta'minlanmaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari X.B.Yusupovga va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.M.Ergashevga hayfsan e'lon qilingan.

Mavzuga oid
Top