10:20 / 04.07.2019
9414

«Atletiko»ni hali tark etmagan Grizmanning raqami yangi futbolchiga berildi

«Atletiko»ning yangi a'zosi Joau Felish Madriddagi ilk mavsumida 7-raqamda o‘ynaydi, deb ma'lum qilindi klub rasmiy saytida.

«Matraschilar» tarkibida 2014 yildan buyon 7-raqam hujumchi Antuan Grizmannga tegishli edi. O‘tgan mavsum oxirida u jamoadan ketish niyatida ekanini e'lon qilgan.

Qayd etish kerak, klub rasmiy saytida 7-raqamda o‘ynagan «Atletiko» afsonalari sifatida Ufarte, Diyego Forlan va Manolo nomlari sanab o‘tilgan, ya'ni Grizmann familiyasi tilga olinmagan. Vaholanki, Forlan 2007-2011 yillarda to‘rt mavsum o‘ynab, 96ta gol urgan bo‘lsa, Grizmann so‘nggi 5 mavsumda jamoa safida 133ta to‘p kiritdi.

Qo‘shimcha qilish joiz, 19 yoshli Joau Felishni «Benfika»dan sotib olish «Atletiko»ga 126 mln yevroga tushdi. Bu esa uni tarixdagi eng qimmatbaho portugaliyalik futbolchiga aylantirdi.

Bunga qadar ushbu maqom Krishtianu Ronalduga tegishli bo‘lib, bir yil oldin «Yuventus» uni «Real»dan 117 mln yevroga xarid qilgandi. Portugal futboliga taalluqli uchinchi eng qimmat transfer ham Ronalduga aloqador – «Real» 2009 yilda uni «MYu»dan 94 mln yevroga sotib olgan.

Felish, shuningdek, jahonning eng qimmat futbolchilari orasida 4-o‘ringa joylashdi. Undan yuqorida faqat Neymar (222 mln), Kilian Mbappe (180 mln) va Filippe Koutino (145 mln) bor xolos.

Xabarlarga qaraganda, Joauning Madriddagi maoshi yiliga 3,5 million yevroni tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top