20:53 / 05.07.2019
47617

Kattaqo‘rg‘on shahrida mudhish qotillik sodir etildi. Hodisa sabablari keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi

Kattaqo‘rg‘on shahrida hokimlik, viloyat IIB va prokuratura xodimlari, muassasalar, jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, keng jamoatchilik ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda joriy yil 4 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida sodir etilgan mudhish jinoyat, uning oqibatlari, jinoyatni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar muhokama qilindi. Bu haqida «Kattaqo‘rg‘on tongi» gazetasi t.me/KattakurgonT telegram kanalida xabar berdi.

Sodir etilgan jinoyat tafsilotlariga ko‘ra, 2019 yil 4 iyul kuni soat 10:00 larda Kattaqo‘rg‘on tuman «Zarqo‘rg‘on» mahallasi Ko‘kan qishlog‘idan oqib o‘tuvchi «Chiqish» kanalining chap qirg‘og‘idan Ravshan Faxriddinov hamda uning ukasi Rishat Faxriddinovning jasadlari qotillik alomatlari bilan topilgan. Jinoyatni fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyat Kattaqo‘rg‘on shahar «Do‘stlik» mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan sodir etilgani aniqlangan. Ushbu fuqaro 3 iyul kuni soat 12:00lar atrofida yashash uyidagi chiqindilarni to‘kish uchun chiqqanda unga notanish bo‘lgan ikki shaxs, ya'ni, marhum Ravshan va Rishat Faxriddinovni spirtli ichimlik iste'mol qilish uchun uyiga taklif qiladi. Shu orada ular orasida janjal chiqishi oqibatida uy egasi aka-uka Faxriddinovlarga oshxona pichog‘i bilan og‘ir tan jarohati yetkazadi. Natijada ular vafot etadi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar ushbu jinoyat sodir etilishiga asosan mas'ul xodimlarning befarqligi sabab bo‘lganiga urg‘u berdi.

Atrof-muhitga loqayd va beparvo munosabat tufayli qotillik qurboni bo‘lmish ikki nafar shaxs voqea joyida ancha vaqtgacha qolib ketgani (12 soat davomida), bundan na qo‘ni-qo‘shni, na mahalla faollari xabar topgani, jasadlar Chiqish kanaligacha olib borilishida biror kishi bunga guvoh bo‘lmagani kishini taajjubga soladi. Mahallalarda ichkilikka, giyohvandlikka ruju qo‘ygan, jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan shaxslar bilan yetarlicha profilaktik tadbirlar olib borilmayotgani oqibatida ana shunday mudhish jinoyatlar sodir etilayotgani ta'kidlandi.

«Ushbu jinoyat barchamizni sergak torttirishi kerak. Jinoyatni sodir etgan shaxs ichkilikka ruju qo‘ygan. Mana shunday ichkilik oqibatida sodir etiladigan jinoyatlarning qurbonlari orasida ertaga har birimizning yaqinimiz bo‘lishi mumkin. Bu illatga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi degan tushunchadan yiroq bo‘lishimiz va bunga har birimiz, barcha jamoat tashkilotlari, mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, sog‘liqni saqlash tizimi, keng jamoatchilik birgalikda faoliyat olib borishi kerak. Shundagina bu borada olib borilayotgan ishlar natija berishi mumkin», - dedi o‘z so‘zida viloyat prokurori o‘rinbosari S.Ishquvvatov.

Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan shahar hokimi Muzaffar Xashimov barchani e'tiborli bo‘lishga, shahar salohiyatiga to‘siq bo‘ladigan salbiy holatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasdan vijdonan ishlashga, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarni oldini olish va ularga qarshi kurashishda barcha jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, keng jamoatchilikni hamkorlikda ish olib borishga chaqirgan.

Mavzuga oid
Top