17:11 / 05.07.2019
29138

O‘zbekiston hududida naqd xorijiy valutani qabul qilish tartibiga qo‘shimchalar kiritildi 

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd xorijiy valutani qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik xabarida aytiladi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxs – norezident tomonidan tashqi savdo shartnomasi bo‘yicha debitor qarzdorliklarni so‘ndirish uchun ham naqd xorijiy valutani qabul qilish mumkin.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd xorijiy valutani quyidagi holatlarda qabul qilish mumkin:

konsullik xizmatlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3451-son «Xorijiy davlatlarda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda sotilgan tovarlar;

boj to‘lamasdan savdo qiladigan do‘konlardagi hisob-kitoblar bilan, shuningdek xalqaro tashishlar paytida transport vositalarining borish yo‘lida yo‘lovchilarga tovarlar va xizmatlar sotilganda hisob-kitoblar bilan bog‘liq operatsiyalar;

kreditlar bo‘yicha muddatli va kechiktirilgan qarzlarni hamda ular bo‘yicha chet el valutasidagi foizlarni so‘ndirish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav sarmoyasiga) badalni to‘lash;

tijorat banklarida omonatlarga pul mablag‘larini kiritish;

xayriya maqsadlarida amalga oshiriladigan pul mablag‘larini kiritishda;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sug‘urtalash va qayta sug‘urtalash shartnomalari bo‘yicha qarzlarni so‘ndirishda;

norezident xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan eksport qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda.

Ko‘rsatilgan to‘lovlar naqd xorijiy valutada, shuningdek plastik to‘lov va kredit kartochkalar orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Top