14:40 / 05.07.2019
4143

Samarqand xalqaro aeroportida psixotrop moddalar ushlab qolindi

Samarqand xalqaro aeroportiga «Sankt-Peterburg – Samarqand» yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining sumkasidan 40ta tabletkadan iborat psixotrop modda topilgan. Bu haqda Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.  

Ma'lum bo‘lishicha, «yashil» yo‘lakni tanlagan holda bojxona nazoratidan o‘tayotgan fuqarolardan biriga tegishli bagaj va qo‘l yuklari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otadi.
Xolislar ishtirokida fuqaroga tegishli bo‘lgan bagaj sumkalari tekshirilganda, 4ta konvalutada jami 40 dona «Nitrazepam» nomli tabletkalar borligi aniqlangan.

Ekspert-kriminalistika ekspertiza xulosasiga ko‘ra, «Nitrazepam» tabletkalari O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalarning ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarni turli nomdagi 5tagacha va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra o‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda psixotrop moddalar borligini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyada qayd etishlari shart.

Top