09:12 / 05.07.2019
10153

YuNeSKOning Butunjahon merosi qo‘mitasi Buxoro va Samarqand bo‘yicha hisobotlarni o‘rganib chiqqan

Foto: KUN.UZ

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida YuNeSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. YuNeSKOning Butunjahon merosi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida O‘zbekistonning «Buxoro tarixiy markazi» va «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» obektlari bo‘yicha hisoboti ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Bosh vazirning o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida ma'lumot bergan.

Foto: Facebook/Aziz Abdukhakimov

Shu yilning 4 iyul kuni YuNeSKOning Butunjahon merosi qo‘mitasi Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan 43-sessiyasida «Buxoro tarixiy markazi» va «Samarqand 3 madaniyatlar chorrahasi» obektlarining saqlanganligi borasida O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan hisobotni ko‘rib chiqdi, — deb yozadi A.Abduhakimov.

Foto: Facebook/Aziz Abdukhakimov

Ushbu hujjatlar asosida qabul qilingan qarorda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Butunjahon merosi obektlarini himoya qilish, jumladan, tarixiy shaharlarda qurilish ishlari olib borilishiga moratoriy joriy qilish haqidagi hukumat qarori olqishlanadi.

YuNeSKO Buxoro bo‘yicha rezolyutsiyada butunjahon merosi obekti bo‘yicha rahbarlik qiluvchi Qo‘mita va paydo bo‘luvchi muammolarni yechish uchun idoralararo maqsadli guruh tuzilgani faktini qoniqish bilan qayd etdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston tomonidan Buxoro shahri bo‘yicha Butunjahon merosi markazi va IKOMOS (ICOMOS — International Council on Monumens and Sites — yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash) tavsiyalariga rioya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan. Xususan, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda shaharni saqlab qolish uchun kerakli hujjatlar tuzilgan, u yaqin orada YuNeSKOga taqdim etiladi, — deyiladi Aziz Abduhakimovning «Feysbuk»dagi postida.

Foto: Facebook/Aziz Abdukhakimov

Samarqand bo‘yicha hujjatda Butunjahon merosi qo‘mitasi Butunjahon merosi markazi va IKOMOSga Shanxay Hamkorligi Tashkilotining 2022 yilgi sammiti uchun infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tomonining loyihalarini «ustunlik bilan» ko‘rib chiqish majburiyatini yuklagan.

Ushbu punkt ayni paytda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan shaharni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarni tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqilishini ta'minlaydi.

Rezolyutsiyaga Samarqandni xavf ostida turgan Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish haqida biror bir band qo‘shilmagan.

Top