11:52 / 06.07.2019
90792

Bo‘g‘imlardagi og‘riqdan xalos bo‘lishda yordam beruvchi 15 mahsulot

Bo‘g‘imlardagi og‘riq sababi sport mashg‘ulotlari davomida yaqindagina olingan jarohat yoki artrit bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin. Agar ushbu yoqimsiz his sizga tanish bo‘lsa, g‘ashni keltiruvchi og‘riq kundalik hayotning bir bo‘lagiga aylanib borishidan ham xabardorsiz. Bu muammoni butunlay bartaraf etuvchi parhez mavjud emasligiga qaramasdan, ba'zi mahsulotlar iste'moli bemor ahvolini yengillashtirishi mumkinligi isbotlangan.

Izlanishlar natijalari bilan o‘rgangan holda, qaysi mahsulotlarni ovqatlanish ratsioniga qo‘shish orqali yallig‘lanish xavfini kamaytirish, suyaklarni mustahkamlash va umuman olganda kundalik hayot tarzida o‘zini yaxshiroq his qilishga erishish borasidagi ma'lumotlar berib o‘tamiz.

1. Meva va rezavorlar

Ko‘pchilikka ma'lumki, mevalar o‘z tarkibida inson organizmi va asosan immun tizimiga foydasi katta bo‘lgan vitaminlarga boy hisoblanadi. Lekin bu hali hammasi emas.

Uzum. Ushbu rezavor nafaqat mazali, balki o‘z ichiga proantosianidin o‘simlik tarkibini olgani sababli bo‘g‘imlardagi yallig‘lanish va og‘riqni kamaytirish xususiyatiga ega.

Tsitrus mevalar. Apelsin, greypfrutlar va boshqa sitrus mevalar iste'moli organizmning S vitaminiga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi, bu esa bo‘g‘imlar yallig‘lanishi va og‘riqning oldini oladi.

Olcha. Ushbu meva va aynan u asosida tayyorlangan nordon sharbat osteoartritdan aziyat chekuvchi insonlar hayotini yengillashtirdi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, atigi 3 hafta davom etgan olcha soki iste'molidan so‘ng bemor ayollardagi yallig‘lanish ko‘rsatkichlarining sezilarli pasayishi kuzatilgan.

2. Sabzavotlar va dukkakli o‘simliklar

Bolaligimizda bizni sabzavotlar tanovul qilishga majburlagan ota-onalarimiz aslida to‘g‘ri qilishgan: tabiat in'om etgan ushbu mahsulotlarning inson organizmiga foydalari bebaho.

Ismaloq. Dengizchi Popay ismaloqni mazali ta'mi uchun sevgan edi. Lekin o‘simlik antioksidantlarga ham boy. U kepmferol moddasini o‘z tarkibiga olgani, yallig‘lanish va og‘riqni kamaytirishi, shuningdek, ostreoartritning rivojlanishini sekinlashtirish xususiyatiga egaligi isbotlangan.

Brokkoli. Bo‘g‘imlardagi og‘riqni yengillashtiruvchi va revmatoid artrit alomatlarini kamaytiruvchi sulforafan moddasini o‘z ichiga oladi. Balki ushbu ma'lumotdan so‘ng brokkolini munosib baholovchilar ko‘payar.

Sarimsoq. Kasallikning oldini olish borasida gap ketganda ajoyib natija ko‘rsata oladi. Izlanishlar orqali arterial qon bosimini tushirish va qon-tomir kasalliklarini kamaytirish xususiyatlari o‘rganilgan sarimsoqpiyoz shuningdek, yallig‘lanishga qarshi kuchli vosita hisoblanadi. Ostreoartrit rivojlanishi xavfini va uning og‘riqli alomatlari oldini oladi. 

Soya. Tarkibida yog‘lar kam va oqsil, sellyuloza, omega-3 kislotasiga juda boy hisoblanadi. Qayd etilgan moddalar bo‘g‘imlardagi yallig‘lanish og‘riqlarini bosishga yordam beradi. Ammo bu dukkakli o‘simlikdan tayyorlangan mahsulotlarga emas, balki aynan o‘ziga xos bo‘lgan xususiyat hisoblanadi. Soyadan tayyorlangan mahsulotlarga esa odatda ko‘p miqdorda shakar yoki tuz qo‘shilgan bo‘ladi.

Qizil loviya. Bu o‘simlik ham kletchatkaga boy hisoblanib, boshqa donli o‘simliklar singari S-reaktiv oqsili miqdorini kamaytiradi. Bundan tashqari, u immun tizimini mustahkamlovchi oqsil, foliy kislotasi, temir moddasi, magniy va kaliyga to‘yingan.

3. Aralashma va choylar

Taomlarga qo‘shimcha ta'm berishda foydalaniluvchi aralashmalar ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Shifo bo‘luvchi natijaga maksimal darajada erishish uchun ularni suvga qo‘shib qaynoq yoki yaxna ichimlik tayyorlash maqsadga muvofiq.

Za'faron va kurkuma. Ular xuddi yallig‘lanishga qarshi vosita kabi ta'sir qiladi va artrit alomatlarini kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, za'faronning asosiy elementlaridan biri bo‘lgan krotsin antioksidant va antiproliferativ xususiyatlarga ega, bo‘g‘im og‘riqlarida ijobiy samara ko‘rsatadi. 

Zanjabil. Tizza bo‘g‘imlaridagi kuchli og‘riqdan azob chekuvchi bemorlarning 63 foizlik qismi muntazam zanjabil iste'molidan so‘ng sezilarli yengillik sezishganini ta'kidlashgan.

Ko‘k choy. O‘zining antioksidant ta'siri va moddalar almashinuvini tezlashtirish xususiyati sababli keng tarqalgan. Bundan tashqari, tarkibida «polifenol» deb ataluvchi birikmalar mavjudligi tufayli yallig‘lanishlarga qarshi kurashadi, og‘riqni yengillashtiradi. Boshqa tadqiqotlarda, shuningdek, ko‘k choy o‘z ichiga olgan epigallokatexin-3-gaplat moddalari revmatoid artritdan aziyat chekuvchilardagi bo‘g‘im shikastlanishlarini sekinlashtiradi.

4. Boshqa mahsulotlar

Bo‘g‘imlar uchun foydali bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati odatiy meva va sabzavotlar bilan cheklanib qolmaydi.

Baliq va baliq moyi. Losos, tunets va forel kabi baliqning yog‘li turlari tarkibida ko‘p miqdorda omega-3 yog‘ini saqlaydi. Bu modda, olimlar ta'kidlashiga ko‘ra, yallig‘lanishga qarshi kurashadi va bo‘g‘im og‘riqlarini tez bosadi. D vitaminiga to‘yinganlik artrit va shu kabi kasallik simptomlarini bartaraf etadi.

Don mahsulotlari. Oq bug‘doy mahsulotlaridan voz kechish kerak, ammo jigarrang makaronlar, suli yormasi, jigarrang tusdagi guruch qondagi S-reaktiv oqsili miqdorini kamaytira oladi. Oqsilning bu turi bir necha kasalliklar, shu jumladan artrit bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi.

Yog‘ miqdori kam bo‘lgan sut mahsulotlari. Yogurt, sut va pishloq suyak va immunitetni mustahkamlovchi kalsiyga va D vitaminiga boy mahsulotlardir. Ular oziq-ovqat miqdorini me'yorlashtiruvchi ajoyib qo‘shimchalar hisoblanadi, osteoporoz va osteoartritdagi og‘riqlarni yengillashtiradi.

Yong‘oq, pista va bodom. Barcha quruq mevalar oziqlantiradi, lekin aynan ushbu 3 xili tarkibida immunitetni kuchaytiruvchi ko‘plab magniy, kalsiy, Ye vitamini, oqsil va alfa-linolen kislotasini uchratish mumkin. Bundan tashqari, yong‘oq omega-3 yog‘lariga boy, ular revmatoid artrit og‘riqlarida yordam bera oladi.

Xulosa qilish mumkinki, zamonaviy tibbiyot sohasi rivojlanishi qancha ortmasin, hali hanuz tabiat ham bizdan o‘z yordamini ayamay kelmoqda.

Top