09:10 / 06.07.2019
37540

Deputatlar fikri: Kontrakt to‘lovini stipendiyasiz shaklda to‘lash qanday bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov, Islomjon Zokirov va Bekzod Artikov muallifligida «Kontrakt to‘lovini stipendiyasiz shaklda to‘lash qanday bo‘lishi mumkin?» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Bundan bir yilcha avval, ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini to‘lashda ma'lum qulayliklar yaratish maqsadida ularga o‘z xohishlariga ko‘ra stipendiyalardan (yoki uning bir qismidan) voz kechish hisobiga yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan to‘lov-kontrakt pulini to‘lash huquqini berish bo‘yicha takliflar jamoatchilik e'tiboriga havola etilgan va bu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 17 iyundagi 4359-sonli qarorida jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berilishi belgilab qo‘yildi.

Biroq hozirgi kungacha to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi qanday bo‘lishi haqidagi yakuniy xulosalar e'lon qilinganicha yo‘q.

Boshqacha aytganda, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda to‘lashda barcha uchun bir xil miqdor belgilanib, ana shu miqdornigina chegirib tashlagan holda kontrakt to‘lanadimi yoki har bir talaba uchun semestr yakuniga ko‘ra unga tayinlangan stipendiya miqdoridan kelib chiqib chegirmalar belgilanadimi?

Bizningcha, agar to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda to‘lashda barcha uchun bir xil miqdor belgilanib, ana shu miqdornigina chegirib tashlagan holda kontrakt to‘lash huquqi beriladigan bo‘lsa, u holda ushbu huquqdan foydalanishni xohlagan talabalar uchun semestr yakunidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichining hech qanday ahamiyati qolmaydi.

Boshqacha aytganda, bunday tartib joriy etilsa, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar ikki xil toifaga ajralib qoladi:

Birinchi toifa talabalar bu - to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali shaklda to‘lashni tanlagan talabalar bo‘lib, ularning fanlardan yuqori baho olishga intilishlari mos ravishda tabaqalashtirilgan stipendiya tayinlanishi orqali rag‘batlantirilib boriladi.

Ikkinchi toifa talabalar esa - to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda to‘lashni tanlagan talabalar bo‘lib, ular uchun fanlardan yuqori baho olishni rag‘batlantiruvchi asosiy omil qolmaydi va shuning uchun ularning aksariyati «uch» baho bilan kifoyalanib qo‘yaverishlari mumkin.

Shuningdek, a'lo baholarga o‘qiyotgan talabalar ikki xil qiyin tanlov qarshisida qolishadi: yuqori bahoga intilmasdan to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyasiz shaklda osonroq to‘lash tanlovi yoki qiyinchilik bilan bo‘lsada to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali shaklda to‘lashni tanlab, semestr davomida yuqori bahoni qo‘lga kiritish tanlovi.

Umuman aytganda, agar oliy ta'lim tizimida stipendiya to‘lash saqlanib qoladigan bo‘lsa, albatta, bu stipendiyalar talabalarga ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga qarab belgilanishi zarur. Bunday tartib stipendiya mablag‘lari samarali ishlatilishiga ham olib keladi.

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish prinsipi ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari sifatida belgilangan. Shuning uchun, oliy ta'lim muassasalaridagi hozirda mavjud tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lash tizimi  talabalarning yuqori darajada fanlarni o‘zlashtirishlarida va chuqur bilim olishlarida ular uchun muhim rag‘batlantiruvchi asosiy omil bo‘layotganini ham e'tirof etish zarur.  

Agar barcha to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalar uchun bir xil miqdor belgilanib, o‘sha miqdordan kelib chiqib to‘lov-kontrakt pulini kamroq to‘lash tartibi joriy etiladigan bo‘lsa, oliy ta'lim muassasalaridagi 70-80 foizini tashkil etuvchi to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarning yuqori bilim va baho olishini rag‘batlantiruvchi eng muhim ta'sir kuchi qo‘ldan boy berilgan bo‘ladi.

Garchi bu kabi yangicha tartib talaba va o‘qituvchilar o‘rtasidagi tamagirlik holatlari ko‘payishiga olib keladi deb hisoblaydigan bo‘lsada, biroq, birinchidan, bunday noqonuniy holatlar avvaldan bor. Ikkinchidan, barcha o‘qituvchilar va talabalar ham bu kabi noqonuniy ishlarga qo‘l urmaydi. Uchinchidan, bu kabi noqonuniy holatlarga qarshi mavjud ijobiy natija beradigan tartiblardan voz kechish evaziga emas, balki nazoratni kuchaytirish va javobgarlikni oshirish kabi vositalar bilan kurashiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4359-sonli qarorining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihasida «to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalari stipendiyalardan voz kechish hisobiga yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan to‘lov-kontrakt pulini to‘lash huquqi ega bo‘ladi», deb yozilgan edi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalariga to‘lov-kontrakt pulini, aynan, har bir talabaning yillik olinadigan stipendiya miqdoriga mos ravishda kamaytirilgan holda to‘lash huquqi berilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Top