19:25 / 06.07.2019
17937

Uzauto Motors: GM ketgani yo‘q, faqat tizim o‘zgardi va uning nomi – GM Alliance

GM kompaniyasi O‘zbekistondan ketgani yo‘q, aksincha O‘zbekiston tomoni bilan alyans tashkil etdi. Bu esa Uzauto Motors kompaniyasiga turli yo‘nalishlarda mustaqillikni taqdim etdi. Kompaniya bosh direktori v.b. Rustam Rajabov Asakadagi zavodda o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi. 

«Internet tarmog‘ida GM O‘zbekistondan ketibdi, kabi turli xabarlar tarqaldi. Yo‘q GM ketmadi. Bizning ish faoliyatimizda ham hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bizda faqat nom o‘zgardi. GM qolsa bo‘lmasmidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Yo‘q, qolishi mumkin emasdi. Biz 2018 yil oktyabrda GM o‘z ulushini O‘zbekiston hukumatiga sotganini e'lon qilgandik. Ilgari 25 foiz hissaga ega edi», - dedi Rustam Rajabov. 

Rajabov, shuningdek, GM o‘z ulushini sotganining sababiga ham oydinlik kiritar ekan, kompaniyaning mustaqil bo‘lishi bu yerda injiniring va avtotadqiqot ishlarini olib borishga turtki berishini ta'kidladi.  

«GM kompaniyasi so‘nggi vaqtlarda dunyo bo‘ylab o‘z zavodlarini optimallashtirish siyosatini olib bormoqda. Misol uchun Afrikadagi zavodini ham sotdi. Bu yerda ham keyingi bosqich rivojlanishimizga, mahalliylashtirish darajasini yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladigan tizimga o‘tdik. Uning nomi GM Alliance. Bu biz uchun yaxshilikka. Chunki, ilgari biz GM bilan ishlaganimizda, hech narsa qila olmasdik. Dunyoning 3 joyida (AQSh, Braziliya va J.Koreya) yirik texnik markazlari bor, ular ixtiro qilardi. Hatto, tashqi yoritqich chirog‘i yoki rangini ham o‘zgartira olmasdik. O‘zgartirish kiritish uchun o‘sha markazlarga murojaat qilishimizga to‘g‘ri kelar edi. 

Alyans hisobiga bizga mustaqillik tegdi. Shu bilan birga, ta'kidlashni istardimki, GM biz bilan. Eksport qilamiz. Mahalliylashtirishni amalga oshiramiz. Texnologiyalarni rivojlantiramiz. Xodimlarni o‘qitishni davom ettiramiz», - deya qayd etdi Rustam Rajabov.

Top