18:35 / 08.07.2019
5051

Bojxonachilar yirik miqdordagi maishiy texnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi

 Ma'lumki, xorijdan tovar-moddiy boyliklarni mamlakatga olib kirishning o‘z tartib qoidalari bor. Xususan, jismoniy shaxslar belgilangan me'yorlardan ortgan va tadbirkorlik maqsadida olib kelinayotgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashlari zarur.

 Ammo bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab, noqonuniy yo‘llar bilan maishiy texnika buyumlarini mamlakatimizga olib kirishga urinayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.

 Yaqinda Farg‘ona va Namangan viloyati bojxonachilari tomonidan aniqlangan 3 ta qonunbuzarlik holatida qariyb 155 million so‘mlik maishiy texnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

 Xususan, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.P. boshqaruvida bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Natijada ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 21,2 million so‘mlik, 94 dona maishiy texnika tovarlari borligi aniqlandi.

Namangan viloyati bojxonachilari esa fuqaro U.M.ning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yishdi. Oson yo‘l bilan boylik orttirish ilinjida bo‘lgan ushbu shaxsdan umumiy qiymati 115 million so‘mlik konditsioner va uning tashqi agregatlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tezkor tadbir davom ettirilib, “Namangan-Nanay” yo‘nalishida harakatlanayotgan, fuqaro S.E. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning saloni va yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 18 million so‘mlik konditsioner va uning tashqi agregatlari borligi aniqlandi.  

Hozirda yuqoridagi qonunbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid
Top