15:40 / 09.07.2019
87106
Reklama

Qarshi oling! O‘zbekistondagi ilk osmono‘par inshootning qiyofasi

Chet elda yurganingizda bir-biridan o‘zar osmono‘par binolar o‘ziga maftun qilganmi? Dubay, Singapur, Tokio, Seul kabi shaharlarda ko‘p qavatli inshootlarni ko‘rganingizda, «Qani endi yurtimizda ham mana shunday binolar ko‘paysa», deb orzu qilganmisiz? Orzular ushaladigan vaqt yetib keldi: Endilikda «Tashkent City» Xalqaro ishbilarmonlik markazi (XIM) hududida 50 qavatdan iborat yangi, zamonaviy osmono‘par bino barpo etiladi.

2019 yil 15 avgustdan so‘ng O‘zbekistonda qad rostlaydigan yangi baland inshootning rasmiy nomi va u haqidagi batafsil ma'lumotlar ommaga e'lon qilinadi. Unga qadar esa mamlakatimizning yetakchi, innovatsion qurilish kompaniyalaridan biri – «Murad Buildings» hamda Turkiyaning «Özgüven» kompaniyalari 5 iyulda tashkil etilgan matbuot anjumanida loyiha haqidagi boshlang‘ich yangiliklarni ma'lum qilishdi.

Qayd etish joizki, mazkur bino «Tashkent City» XIMning eng yirik loyihalaridan biri sanaladi. 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega osmono‘par bino, ya'ni 4-lot inshootini barpo etish ishlari «Murad Buildings» hamda Turkiyaning «Özgüven» quruvchilik kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur obekt bir yarim gektar hududni o‘z ichiga qamrab oladi.

Loyihaning dastlabki taqdimoti ajoyib taassurotlarga boy bo‘ldi. «Murad Buildings» kompaniyasi rahbari Murod Nazarov va «Özgüven» boshqaruv kengashi raisi Ozgur Ozguven matbuot anjumanida 4-lotning o‘ziga xos xususiyatlari haqida alohida ta'kidlab o‘tishdi. So‘ngra barcha yig‘ilganlarga baland inshoot loyihasining fotosuratlari hamda maxsus rolik namoyish etildi.

Ma'lum bo‘lishicha, loyiha ustida 500 dan ortiq mutaxassislar tinimsiz ish olib borgan. Shak-shubhasiz, qurilish ishlari yakuniga yetgach, u o‘ziga xos arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etgan mamlakatdagi ilk osmono‘par bino, O‘rta Osiyoda esa eng baland binolarning biriga aylanishiga umid bildirilmoqda.

Murod Nazarov, «Murad Buildings» kompaniyasi rahbari va asoschisi:

«Prezidentimiz mamlakatning rivojlanishi borasida o‘zining ravshan qarashlari bilan ko‘plab insonlarni, jumladan, bizni ilhomlantirishda davom etmoqda. Ushbu ko‘tarinki ruh bizga «Tashkent City» XIMning loyihasida ishtirok etish fursatini yaratib berdi. Biz deyarli ikki yil davomida ushbu loyiha ustida katta ishtiyoq bilan va ushbu loyihani eng yuksak tarzda amalga oshirish istagi bilan ishlab kelmoqdamiz. Biz «Özgüven» kabi ishonchli hamkor topganimizdan xursandmiz va endi bu katta orzuni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilmoqdamiz. Biz shahar qalbida munosib o‘rin egallaydigan va uning qoq markazida qad rostlaydigan mazkur loyihani zamonaviy va innovatsion arxitektura yechimlarini taqdim etuvchi inshootga aylanishini istaymiz».

«Özgüven» kompaniyasi jamoasi 4 oydan ortiq vaqt mobaynida ushbu loyiha doirasida ish olib borayotganini ma'lum qildi. Arxitektura va muhandislik nuqtai nazaridan olib qaralganda, mazkur qurilish ustida izchil tadqiqot va loyihalashtirish ishlari olib borildi. Binoning qurilishi jarayonida granitdan mustahkamroq bo‘lgan M700 beton turi ishlatiladi. Birgina poydevor uchun quyiladigan betondan har biri 80 kvadrat metrga teng 700 ta xonadon qurish mumkin edi.

Murod Nazarov shuningdek, jurnalistlarga binoning zilzila va kutilmagan hodisalarga bardoshlilik darajasi haqida ham aytib o‘tdi:

«Albatta, ko‘pchilikda bu savol tug‘ilishi tabiiy: osmono‘par bino zilzilalarga qanday bardosh bera oladi? «Murad Buildings» kompaniyasi mazkur masalani tushungan va o‘rgangan holda ushbu loyihaga katta mas'uliyat bilan yondoshadi. Inshootning loyiha chizmasi, har bir qarichi, o‘lchamidan tortib, qurilish ishlarigacha qattiq nazorat ostida bo‘ladi. Ikkinchidan, nega aynan 4-lot, ya'ni osmono‘par binoni qurish vazifasini olganim sababi, men o‘zim Yaponiyada tahsil olganman va zilzila qanday bo‘lishini juda yaxshi bilaman. Shu sababli, xavfsizlik jihatdan biz albatta hamkorlar bilan binoning mustahkamligi va bardoshliligiga kafolat beramiz».

Ozgur Ozguven, «Özgüven» quruvchilik kompaniyaci raisi kelajak binosining bir qator texnik xususiyatlari bilan o‘rtoqlashdi:

«Mazkur inshoot me'morchilik nuqtai nazaridan, yangicha zamonaviy yondoshuvlar va noan'anaviy yechimlarni o‘zida aks ettirgan. Biz Markaziy Osiyo va Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan ushbu loyihada ishtirok eta olayotganimizdan juda ham mamnunmiz. Biz o‘z nou-xaularimizni qo‘llashdan tashqari, Turkiyaning yirik universitetlaridan professorlarni ishga jalb qilib, ularning mutaxassis sifatidagi maslahatlarini amaliyotga tatbiq etdik. Butun obekt uchun ishlatiladigan betondan 5000 ta bunday xonadonlarni qurish mumkin edi. Agar qurilishda ishlatiladigan barcha metall armaturani bir biri bilan ketma ket ulaganda, ularning umumiy uzunligi 7,5 ming kilometrni tashkil etadi. Bu Tashkent City’dan Istanbulgacha bo‘lgan masofadan ko‘proq. Ushbu miqdordagi temirdan 25 mingta nufuzli avtomobil ishlab chiqarish mumkin edi».

Janob Ozguvenning yuqorida ta'kidlagan fikrlari, binoning texnik holatiga jiddiy e'tibor qaratilgani va mustahkam inshoot barpo etish uchun maksimal darajada kerakli, sara xom-ashyo va materiallardan foylanilganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Biz esa osmono‘par inshootning qurish ishlari haqidagi to‘liq tafsilotlarni avgust oyi o‘rtasida kompaniya vakillaridan kutib qolamiz.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top