18:48 / 12.07.2019
12534

«Internet tezligi eng katta muammo». O‘zbekistonda kompyuter sporti taraqqiyoti

«Elektron sport stadionda boshqa ko‘p sport turlari kabi koptok bilan o‘ynalmasa ham, tez orada ishqibozlari 300 millionga yetishi kutilmoqda», —  deya yozmoqda dunyo nashrlari.

Onlayn o‘yinlarga dunyo allaqachon moslashgan

Dota 2 kibersport (kompyuter sportining) eng mashhur o‘yini hisoblansa, League of Legends va Counter Strike undan keyingi o‘rinlarni band qilgan.

E-sport —  kompyuter orqali video o‘yinlar o‘ynash orqali odamlar, dastlab, shunchaki bo‘sh vaqtni unumli o‘tkazishga intilgan bo‘lsa, keyinroq u haqiqiy sport turi darajasigacha ko‘tarildi. Uning yosh toifasi cheklanmagan, imkoniyatlariga chegara yo‘q. Bu sport turida imkoniyati cheklangan shaxs o‘zidan o‘n baravar sog‘lom odamni ham mag‘lub qilishi, dunyoning ikki chetida turib ham raqiblar virtual stadionda to‘p surishi mumkin.

Elektron futbol chempionatlari ham xuddi stadionlarga o‘xshash arenalarda o‘yin ishqibozlari qurshovida o‘tkaziladi. Masalan, 2016 yilda o‘tkazilgan League of Legends chempionat finalida 43 million tomoshabin ishtirok etgan.

2018 yilning birinchi choragidayoq butun e-sport tomoshabinlari 17,9 million soatni ushbu o‘yinlarni onlayn va jonli ko‘rish uchun sarflagani haqida ma'lumot bor.

Bundan tashqari, e-o‘yinlar uchun katta pul yutuqlari ham qo‘yiladi. Masalan, 2018 yilda bu sport industriyasi uchun 905 million dollar ajratilgan bo‘lsa, keyingi 2 yilda bu raqamni (2020 yilgacha) 1 milliard dollargacha yetkazish maqsad qilingan. Birgina sport musobaqalari uchun chiptalarning o‘zi 96 millionga sotiladi.

Bugun hatto FIFAning ham o‘z eWorld Cup dasturi bor. Unda o‘yinchilar FIFA'ning elektron chempionatida g‘olib bo‘lish uchun kurashadi.

Elektron sport taraqqiyotini hisobga olgan holda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ham bu yo‘nalishdagi rejalari samaradorligini oshirishga harakat qilmoqda, deb yozadi weforum nashri.

Demak, onlayn sport olamiga xush kelibsiz!

«O‘zbekictonning ham elektron sport bazasi mavjud» 

O‘zbekistonda ham onlayn sport turlari bosqichma-bosqich rivojlanmoqda. 2016 yilda Aziz Pattoxov tashabbusi O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasining faoliyat boshlashi bu sohadagi ilk qadam bo‘ldi.

Shu yili respublika elektron kompyuter sporti (kibersport) tarixida ilk marta kibersport arenasi – UZ Arena tashkil qilindi. Arena 50ta kompyuter, 24 ta Play Station va maxsus led ekranlar bilan jihozlangan.

Sal keyinroq –  2018 yildan esa kibersport rasmiy sport turlari reyestrida 100-sport turi sifatida tan olindi.

O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi raisi Azizbek Pattoxov Kun.uz bilan suhbatda kompyuterxonalar va Play Stationʼlarga nisbatan ko‘pincha negativ fikr bildirilishi, shuning uchun ham kibersportning sport turi sifatida qabul qilinishi, federatsiyaning tashkil etilishi oson bo‘lmaganligi, hatto ko‘pincha ayrim rahbarlar ham mohiyatni tushunishi qiyin bo‘lganligi haqida aytib o‘tdi.

«Garchi hozir ham bu kabi qiyinchiliklar mavjud bo‘lsa-da, kibersport bo‘yicha ishlar ancha samarali kechmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan 5 tashabbusning 2 ta yo‘nalishi bu sport turini rivojlantirish rejalarini ilgari suradi», — deydi u. 

Minus emas, plyus qo‘yish imkoni bor

Federatsiya raisi Azizbek Pattoxovning ta'kidlashicha, kompyuter o‘yinlariga bolalar hamisha katta qiziqish bilan qaragan. Shuning uchun ham federatsiya Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda turli loyihalar tashkil qilmoqda.

Ayni paytda o‘zbekistonlik bolalar 14 yoshdan boshlab kibersport musobaqalarida qatnashishi, milliy chempionatlarda esa 5 sinf bolalari ham ishtirok etishi mumkin.

«Hamma bolaning turlicha narsaga iqtidori bo‘ladi. Kimdir ilm-fanga qiziqsa, kimdir kompyuter o‘yinlarida katta muvaffaqiyatga erishib, sport yulduzi bo‘lishi mumkin. Faqat to‘g‘ri yo‘naltirish vazifasini biz bajarishimiz kerak», —  deydi u.

Demak, kibersport bilan shug‘ullangan bolalarning virtual olamda saralay olish qobiliyati shakllanadi. Bundan tashqari, Azizbek Pattoxovning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro elektron sport turnirlarida g‘olib bo‘lgan bolalar mamlakatga o‘z yutuq pullari bilan ham investitsiya kirita oladi. Bu ular o‘z sovrin pullari hisobiga tadbirkorliklarini boshlashlari va odamlarni ishli qilishga erishishlari mumkinligini anglatadi.

«Bolalar kelajakda tanlash uchun faqat 2-3 ta yo‘nalish bilan cheklanmasligi kerak. Aytaylik, OTMga kira olmagan bola bitta mashinani ijaraga olib, taksichilik bilan shug‘ullanishi emas, agar qiziqqan bo‘lsa, professional darajada shug‘ullanib, kibersport bilan hayotini qurishi mumkin. Bu sport turi bilan biznes qilish imkoni ham mavjud», —  deydi federatsiya raisi.

Play stationʼlar ham yo‘naltirilmoqda

Agar federatsiyaga a'zo bo‘lsa, Play stationʼlar va kompyuter o‘yingohlari bilan hamkorlik qilishning imkoni mavjud. Faqat buning uchun ular federatsiyaning ma'lum talablariga amal qilishi, o‘zlarida mavjud o‘yinlar tarkibini qat'iy nazorat qilishlari zarur.

O‘z navbatida federatsiyaning ham ular uchun turli imtiyozlari mavjud: hamkorlikda turnirlar o‘tkazish va kibersport tizimida ishlash uchun turli preferensiya lar beradi.

Masalaning tibbiyot jihati

Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus talabnomasiga ko‘ra, kibersport bilan shug‘ullanganda har 2 soatdan so‘ng yarim soatli tanaffus zarur. Sportchining to‘g‘ri ovqatlanish tartibi, ortiqcha vazn kabi muammolardan xoli bo‘lishi ham muhim.

Bundan tashqari, havo harorati mo‘'tadil bo‘lishi va kompyuter yaqinida o‘simlik bo‘lishi kerak.

Sog‘liqqa zarar yetkazmasligi uchun kunlik jadvalni to‘g‘ri tashkil qilish va kompyuterdan foydalanishning oddiy qoidalariga rioya qilish ham katta rol o‘ynaydi.

Shuningdek, bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilarga alkogol ichimliklar ichish, chekish qat'iyan man qilinadi. Chunki elektron sportda yutuqqa erishish uchun miya faoliyati yaxshi bo‘lishi kerak.

O‘yin davomida sportchi juda tez fikrlashi va qaror qabul qilishi, barmoqlari tez ishlashi kerak. Doimiy mashqlar yordamida bu qobiliyat asta-sekin shakllanib boradi. Shu jihatdan kibersportni ma'lum ma'noda sog‘lik uchun foydali deb topish ham mumkin.

Bolalar to‘g‘ri yo‘nalishda

«Kibersport bolalarni to‘g‘ri yo‘naltirishimiz uchun yaxshi vosita. Shu yo‘l bilan bolalarni band qilish mumkin. O‘yin ularning o‘qishiga ham yaxshi ta'sir qiladi. Chunki ko‘pchilik xalqaro o‘yinlar rus va ingliz tillarida. Muvaffaqiyatga erishishni xohlagan bola esa qoidalarni to‘liq tushuna olish uchun chet tillarini ham o‘rganishga harakat qilayotganining guvohi bo‘lyapman», —  deya o‘yinlarning motivatsion taraflariga ham to‘xtalib o‘tdi Azizbek Pattoxov.

Ayni paytda federatsiya viloyatlarda ham bu sport turini ommalashtirish uchun turli loyihalar ishlab chiqmoqda.

Samarqand, Farg‘ona viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatida Federatsiyaning hududiy bo‘linmalari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, Buxoro, Namangan, Qashqadaryo hududida ham bo‘linmalar ochilishi rejalashtirilgan.

«Biz viloyatlarning hamma tumanlariga kirib borib, iqtidorlarni topishimiz kerak. Masalan, yaqinda navoiylik Salohiddin Esonovning O‘rta Osiyo chempioni bo‘lishi bu boradagi ishlarimizning ilk samarasi deb hisoblash mumkin.

Lekin, afsuski, kibersport bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borishda haliyam kamchiliklarimiz ko‘p. Ko‘pincha ota-onalar telefon orqali ham «Bu qanaqa sport turi?» , «Davlat tarafidan tan olinganmi?»  kabi savollar bilan murojaat qiladi», —  deydi federatsiya raisi.

Bundan tashqari, federatsiya bergan ma'lumotga ko‘ra, internet tezligi pastligi tufayli O‘zbekiston kibersportchilarining aksar xalqaro turnirlardan chetlatilishi, ayrimlarida ishtirok etish uchun umuman qabul qilinmagan holatlari ham ko‘p sodir bo‘ladi. Boshqa rivojlangan davlatlardan turib, raqiblik qilayotgan o‘yinchidan o‘zish uchun esa, albatta, internet orqali amallar juda tez bajarilishi kerak.

Ayni paytda federatsiya Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda internet sifati muammosini hal qilish uchun harakat qilmoqda.

Odamlar dunyoqarashi o‘zgaryapti

«Kibersport jamiyat uchun foydali. Negaki, bolalarni kompyuterdan ayirish emas, ularga qaysi yo‘l to‘g‘riligini ko‘rsatib qo‘yishimiz zarur. Onlayn sport orqali ham ular boshqa jismoniy sport turlariga qiziqishlari mumkin.

Nazarimda odamlar ham kibersportni to‘g‘ri anglay boshlashdi. Hozir Play Stationʼlarda otalarni o‘z farzandlari bilan birga ko‘ryapman. Bu ijobiy hodisa», —  deydi futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev.

Uning ta'kidlashicha, bu sport turi rivoji uchun O‘zbekistonda hali to‘liq imkoniyat mavjud emas. Internet tezligi eng katta muammo bo‘lsa, texnik imkoniyatlari darajasidan barcha talablarga javob beradigan kompyuterlar bilan ta'minlanganlik darajasi —  mamlakatning ikkinchi og‘riqli nuqtasi.

Har qanday taklif talab asosida vujudga keladi. Kibersport ham xuddi shunday: bolalar unga qiziyaptimi, demak, uni ommalashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llarini topish zarur.

Zilola G‘aybullayeva

Mavzuga oid
Top