18:30 / 12.07.2019
3319

«O‘zkimyosanoat» AJ: qishloq xo‘jaligi tizimi bilan muammolarimiz bartaraf etildi

Bugun, 12 iyul kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zkimyosanoat» AJ rahbari va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda berilgan ma'lumotlarga qaraganda, «O‘zkimyosanoat» AJ 2018 yilda 4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan va yilni 240 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagan, 185 mln dollarlik eksport qilingan. 2019 yil rejasi bo‘yicha jamiyat 6,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni va yil yakuniga ko‘ra 400 mlrd so‘m sof foyda olishni mo‘ljallamoqda.

Jamiyat Markaziy Osiyo bozorida yirik eksportyor hisoblanadi va barcha qo‘shni davlatlar bilan birga Afg‘onistonga ham eksportni yo‘lga qo‘ygan.

2019-2030 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida 12,1 mlrd AQSh dollariga teng qiymatda 31ta investitsion loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda uzoq yillar davomida «O‘zkimyosanoat» va uning eng yirik xaridori qishloq xo‘jaligining o‘zaro munosabatlarida yirik qarzdorliklar kuzatilgani va bu har ikki sohani ham murakkab vaziyatga tushirgani, hozir bu borada vaziyat qandayligi borasida savol berildi.

«Haqiqatan ham qishloq xo‘jaligi tizimiga mahsulot yetkazib berishda to‘lovlar bog‘liq muammolar uzoq yillar davom etib kelgan. Ammo bundan ikki yil muqaddam hukumatimiz tomonidan barcha hisob-kitoblar o‘z o‘rniga qo‘yildi, ko‘p vaqtdan buyon uzilmay kelayotgan qarzdorliklar bartaraf qilindi. Shundan so‘ng mahsulotlarimiz birja orqali sotilishi yo‘lga qo‘yildi va to‘liq bozor mexanizmlari – talab va taklif asosida ishlay boshladik. Bugungi kunda to‘lov amalga oshirilgandan keyingina omborlardan mahsulot chiqariladi», deya jamiyat boshqaruvi raisi Odil Temirovning so‘zlarini Kun.uz keltirmoqda muxbiri.

Mavzuga oid
Top