14:15 / 13.07.2019
16317

Xartum qishloqning suvga tashna aholisi yoxud Andijon tumanidagi muammolar «kolleksiya»si

Suv inson hayoti uchun qanchalik muhimligi haqida har kuni eslanadi. Uyingizda hamma narsa bo‘lsa-yu, obi hayot bo‘lmasa chikora.

Navbatdagi murojaat Andijon viloyati, Andijon tumani, Xartum QFY, O‘rikzor mahallasidan kelib tushdi. Bu yerda bir necha yillardirki aholi suvsizlikdan, yo‘lsizlikdan va boshqa bir qator muammolardan aziyat chekmoqda.

Holatni o‘rganish uchun hududda bo‘ldik. Haftaning ish kuni bo‘lganiga qaramay ko‘pchilik bo‘lib kutib olishdi.

Video: Mover (tas-ix)

«Portalga yozaverib, xijolat ham bo‘lib qoldik»

«Bizda suv yo‘q deb bo‘lmaydi. Suv bo‘ladi, faqat qish oylarida. Bu uylar 90-yillarda berilgan. O‘shandan beri aholi yig‘ilib yig‘ilib, shu mahallalar tashkil topdi. O‘tgan yillar davomida davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan. Mahalla barchasini o‘z kuchi bilan qilib kelmoqda. Yo‘l chetidan katta truba o‘tgan. Yoniga katta 20 tonnalik suv yig‘uvchi idish o‘rnatganmiz. Truba bizning hududga kelib tugaydi. Shundan suv tushib turadi. Agar suv to‘lsa, nasos bilan haydaymiz. Suv qishda chiqadi, biroq yoz kelganida suv to‘xtaydi va suvsizlik boshlanadi. Bir haftada bir to‘ladi. Tekshiruvga viloyat, tuman «Suv oqova»si rahbarlari kelgan. Bizga ko‘kargan daraxtlarni pesh qilishadi. Sovetlar paytida bu yerlar kolxozga qarashli bo‘lgan va paxta ekilgan. Shu vaqtlarda nasosdan suv chiqarib berilgan. Keyin obodonlashtirish vaqtida nasosni buzib tashlashdi. Oqibatda hozir hamma suvsiz qoldi. Tag‘in tekshiruvchilar kelib bizdan tomorqaga ekin ekishimizni talab qilishadi. Qanday qilib axir? Suv yo‘q-ku?», deydi Usmon Yusupov.

Usmon Yusupov

«Havodan so‘ng eng zaruri suv bo‘lsa kerak. Biz esa yoz o‘tib ketishini kutib yashaymiz. Sentabr oylarida suv chiqa boshlaydi. Yo‘l masalasida murojaat qilsak, kelib «shu kvartalda qilib beramiz», «bunisida qilib beramiz» deb ortga surishadi. Hech narsa qilinmagan edi, qayta murojaat qildik. Keyin kelishganida shag‘allab berishni va'da qilishdi. Oradan ma'lum vaqt o‘tib, tizim o‘zgarganini, endi bu ish bilan ular shug‘ullanmasliklarini aytishdi. Yonimizda yangi kottejlar bor. U yerda bu muammolar yo‘q», deydi Dilmurod Qosimov.

Dilmurod Qosimov

«4-5 yildan beri murojaat qilamiz. Murojaatni tuman hokimidan boshlaganmiz. Bir marta bergan arizamiz yo‘qolib qoldi. Keyingi xatlarimizga mana 3 yildirki joyiga chiqib o‘rganmay javob xatlari qilinaverdi. Bu yilmas, keyingi yilgi dasturga kiritildi, degan javoblar berilaverdi. Portallar ochilganidan keyin qayta murojaatlar qildik. Joyiga kelishdi, o‘rganishdi. Dalolatnomalar qilindi. Asfaltlash dasturga kiritilgan, lekin haligacha bir ish qilinmadi. Portalga yozaverib, o‘zimiz ham xijolat bo‘lib qoldik. Suv bo‘yicha ham, yo‘l bo‘yicha ham viloyat rahbarlari 2-3 marta kelishdi. To‘g‘rirog‘i, o‘zimiz borib olib keldik. Lekin o‘zgarish bo‘lmadi. Tez yordam mashinasi kelib botib qolayozgan holatlar ham bo‘ldi», deydi Bahodir Muhammadiyev.

Bahodir Muhammadiyev

Mahalla ayollariga so‘z

«Bizning mahallada 20 yildan tortib 3 yilgacha shu yerda yashayotgan odamlar bor. Yozda suv, qishda gaz va svet muammosi bo‘ladi. Xuddiki, tashlandiq bir aholiga o‘xshab qolganmiz. Albatta o‘ksinamiz. Bir kunda bir soat suv kelib qolsa, hamma yugurib qoladi. Iloji yo‘q katta temir idishlarda to‘playmiz. Lekin bu sog‘liqqa zarar-ku? Kir yuvishga, bolalarni yuvintirishga suv bo‘lmay qoladi. Bir gramm suv ham biz uchun tillaga teng. Qishda gaz yo‘qligidan, yozda ekkan daraxtlarimizni kesib o‘tin qilishga majbur bo‘lyapmiz. Qishda tashqariga chiqib Andijon shahri tarafga qarasangiz charaqlab turadi. Bizda esa zim-ziyo. Bir taraf kommunizm, bir taraf kapitalizmdek turadi. Ko‘chalar yomonligidan loy ko‘chalarda oyoq kiyimimizga yelim paket kiyib o‘tamiz», deydi Zulfiya Hayitova.

Zulfiya Hayitova

«Menga o‘g‘lim aravacha qilib bergan. Unga bochkamizni yuklab pastdagi mahallaga tushaman. Shu yoshda bo‘lib kechasi ham suv olib chiqaman. Men bir ayol sifatida gapiryapman. Gigiyena ayol kishiga ko‘proq kerak. Lekin qayoqdan suv topamiz? Ichishga ham yo‘q-ku? Bolalarimizni yuvintirgani ham yo‘q. Yomg‘ir yoqqanda qayoqdandir suv kelib qoladi. Undan majbur choy damlaymiz. Bolalar ichishi bilan ichi o‘tib ketadi. Kasalliklar ham ko‘payib ketdi. Ayollar uchun, oila uchun eng keragi suv. Kimdir qizini chiqaraman deydi, kimdir boshqa to‘y qilaman deydi. Ikkita qo‘y boqishi kerak. Lekin bizda bunga sharoit yo‘q. Mevalarimiz, gullarimizga gugurt chaqing yonib ketadi», deydi Robiya Yunusova.

Robiya Yunusova

Murojaatchilar bilan birga mahallani aylandik.

«Suvning mahallaga kelib ulangan qismi doim bolalar nigohida bo‘lib, agar shu joy namlansa darrov uyiga yugurishadi. Suv kelibdi deb xursand bo‘lishadi-da», deydi ayollardan biri.

Bu kimgadir kulgili tuyulishi mumkin, lekin bu holat asli yig‘lagulik.

Odamlar islohotlar sabab suv kelishidan umid qilib uyiga limon, palma va boshqa mevali daraxtlar ekib qo‘yib, xato qilgan - hovlilar cho‘lga o‘xshab qolgan.

Shu pallada Andijon tumani hokimi qabul o‘tkazayotganini eshitdik va mutasaddilar idorasiga yo‘l oldik. Aholi bilan uchrashayotgan tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov vaziyat o‘rganib hal qilinishini, qabul kunlari kelishsa atroflicha o‘rganib chiqishini aytdi.

Suv muammosi bo‘yicha esa tuman «Suv oqova» xizmati rahbari Dilshod Qo‘ldoshevdan izoh oldik.

«O‘rikzor» MFY Yorqin hayot ko‘chasi tepalikda joylashgan. O‘sha joydan o‘tgan 600 mm.li truba bor. Muddatini o‘tab bo‘lgan. Grafik asosida tarmoqqa suv beramiz. Mahallaga suv chiqarish uchun inshoot o‘rnatildi. Maxsus motor o‘rnatdik. O‘sha mahalladan bir odamni ishga ham oldik. Endi hozir ichimlik suviga ehtiyoj yuqori bo‘lgani tufayli grafik asosida beryapmiz. Bog‘ishamoldan kelgan liniya biri Xartumga ketsa, biri Asaka tumaniga ketadi. Yozning issig‘ida grafik asosida ertalab va kechqurun beramiz. Ichimlik suvi to‘liq ta'minlanishi uchun 2019-2021 yilgi prezident dasturiga kiritilgan. Andijon-Xonobod magistral tarmog‘i qurilishi boshlandi. Eski tarmoqlar ham yangilanib mahalla to‘liq suv bilan ta'minlanadi. Ungacha jadval asosida suv beramiz. Hozir trubalarimiz juda eski. Yoz kunlari ichimlik suviga ehtiyoj juda yuqori. Suvni yana qo‘shtiramiz», deya izoh berdi mutasaddi.

Dilshod Qo‘ldoshev

Mutasaddining suv masalasi hal etilishi bo‘yicha va'dalarini oldik. Bu va'da bajariladimi yoki yo‘q? Buni oliy hakam - vaqt izmiga topshiramiz.

Bahodir Ahmedov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top