19:30 / 15.07.2019
36676

«Yopiq fakultet» o‘yini yana qaytdimi? «Narxoz»ning Samarqanddagi filialida qabulning oxirgi kuni yangi yo‘nalish paydo bo‘lib qolgani xabar qilindi

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev «Yopiq fakultet» o‘yini yana qaytdimi?» sarlavhali postida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida qabul jarayonida kuzatilgan shubhali holat haqida yozgan.

«Hozirgina mushtariylardan biri qiziq bir holatni xabar qildi.

Kecha jiyani uchun qabul.dtm.uz bazasidan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialidagi yo‘nalishlar va unga hujjat topshirganlar haqida ma'lumotni ko‘rib bergan. O‘shanda bazada 4ta yo‘nalish bo‘lgan. To‘rttalasini nomma-nom o‘qib, topshirilgan hujjatlar sonini aytgan.

Bugun bazani qarashsa, yo‘nalishlar soni 5taga aylanib qolibdi. Va kutilmaganda ro‘yxatda «Iqtisodiyot: qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti» yo‘nalishi ham qo‘shilib qolgan. Axir kecha yo‘q edi-ku bu, deya hayron bo‘lmoqda.

Ushbu faktni o‘z kanallarim orqali tekshirib ko‘rdim, haqiqatdan dastlab bazada bu yo‘nalish bo‘lmagan (qo‘limda asosli dalillar bor).

Buni yana bir jihatdan ham osongina bilsa bo‘ladi. Topshirilgan hujjatlar soniga qarang: 4ta yo‘nalishning har biriga kamida 400ta hujjat topshirilgan. Lekin bugun bazada paydo bo‘lib qolgan va 25ta o‘rin ajratilgan yo‘nalishga atigi 17 kishi (!!!) hujjat topshirgan. Buning shunchaki tasodif ekanligiga ishonasizmi?

Nahotki bir necha yillar oldin ayrim OTMlarda juda mashhur bo‘lgan «yopiq fakultet» usulidagi o‘yin yana qaytgan bo‘lsa? Nahotki?

Ne ajabki, ushbu tasodif bizning eski tanishimiz – Iqtisodiyot universiteti bilan bo‘lmoqda. Ha, ha, barchangizga yaxshi tanish bo‘lgan o‘sha Narxoz!

Mas'ullardan zudlik bilan izoh kutib qolamiz bu holatga!

P.S.: samarqandlik abituriyentlar, Siz esa qabulga qarab yuguring, tezda ushbu yo‘nalishga hujjat topshiring, yoki topshirgan hujjatlaringizni boshqasidan qaytarib olib, bunga o‘zgartiring. Qilmaymiz deyishsa, talab qiling!», deyiladi postda.

Top