07:46 / 17.07.2019
11005

Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari iste'foga chiqdi

Foto: EPA-EFE/YOAN VALAT

Kristin Lagard Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) boshqaruvchi direktori lavozimidan iste'foga chiqdi. U Yevropa markaziy banki (YeMB) rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan, deb xabar bermoqda TASS.

XVJ matbuot xizmati tomonidan seshanba kuni tarqatilgan Lagardning bayonotida aytilishicha, qaror 12 sentabr kuni kuchga kiradi.

«Men Ijroiya kengashi bilan uchrashdim va iste'foga chiqish haqida ariza berdim, u 12 sentyabrda kuchga kiradi. Bundan oldin e'lon qilingan - vazifalarimdan voz kechish jarayoni shu vaqtga qadar amal qiladi», - deyiladi bayonotda.

Lagardning ta'kidlashicha, iste'foga chiqish haqidagi qarorni «jamg‘arma manfaati tufayli qabul qildi, sababi bu voris tanlab olish jarayonini tezlashtiradi».

«Ijro etuvchi kengash yangi boshqaruvchi direktorni tanlash jarayonida oldinga siljish uchun zarur choralarni ko‘radi. Devid Lipton bizning boshqaruvchi direktor vazifasini bajaruvchi bo‘lib qoladi», - deya qayd etib o‘tdi Lagard.

YeI sammiti 2 iyul kuni YeMB rahbari lavozimiga Lagard nomzodini ilgari surdi. Shu munosabat bilan, Lagard shu kuni XVJ boshqaruvchi direktori vazifalarini bajarishni vaqtincha to‘xtatganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top