15:31 / 19.07.2019
9835

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari mehmonlarni samimiy qutlab, O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugun Bank mamlakatda ustuvor tarmoqlarda tarkibiy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda hamda ularning amalga oshirilishida bevosita ishtirok etmoqda, deyiladi xabarda.

Joriy yil 18 iyul kuni Toshkentda Iqtisodiy kengashning birinchi majlisi hamda energetika sohasini isloh etish bo‘yicha davra suhbati muvaffaqiyatli o‘tkazildi, ular davomida hamkorlikning bosh ustuvor yo‘nalishlari, istiqboldagi sheriklikka doir aniq dastur va loyihalar belgilab olindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning portfeli jami 5,2 milliard dollardan ortgan. Joriy yilning o‘zida Jahon banki 850 million dollardan ziyod bo‘lgan hamda tadbirkorlik, maktabgacha ta'limni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan yangi kreditlarni ma'qulladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, "Obod qishloq" dasturini birgalikda moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga doir loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bank-moliya sektori va davlat korxonalarini isloh qilish, ta'lim, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Siril Myuller davlat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Devid Melpassning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Bank O‘zbekistonda ustuvor tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning sur'ati va natijadorligini yuksak baholayotgani qayd etildi.

Siril Myuller mamlakat va butun mintaqaning barqaror taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida Jahon bankining intilishi qat'iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Top