21:50 / 22.07.2019
7188

Huawei yashirincha tarzda Shimoliy Koreyaga o‘z tarmog‘ini yaratishda yordam bergan - OAV

Foto: EPA-EFE/JEROME FAVRE

Xitoyning Huawei telekommunikatsiya korporatsiyasi Shimoliy Koreyaga ma'lumotlarni uzatish simsiz tarmog‘i Koryolink’ni yaratish va ishchi holatda saqlab turishda yordam bergan. Bu haqda The Washington Post nashri kompaniyaning sobiq xodimlaridan olingan ichki hujjatlarga tayanib xabar berdi.

Ushbu ma'lumotlarga ko‘ra, Huawei Xitoyning boshqa bir davlat kompaniyasi Panda International Information Technology bilan birga Shimoliy Koreyaning bir qator loyihalari ustida 8 yil davomida ishlagan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar anonim qolish shartlari bilan taqdim qilingan.

Nashrning ta'kidlashicha, o‘z mahsulotlarida AQSh texnologiyalari va butlovchi qismlarini qo‘llagan Huawei kompaniyasining ushbu faoliyati Pxenyanga 10 foizdan ko‘prog‘i AQShda ishlab chiqarilgan qismlardan iborat qurilmalarni yetkazishni taqiqlovchi AQSh eksport qoidalarini buzganini anglatishi mumkin.   

Nashrning ta'kidlashicha, AQSh savdo vazirligi 2016 yildan beri Huawei’ning Shimoliy Koreya hukumati bilan ehtimoliy aloqalarini tergov qilib keladi, biroq bunday aloqalar borligi rasman taqdiqlanmagan. 2014 yilda AQSh savdo vazirligi Panda kompaniyasiga AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yetkazilishini taqiqlab qo‘ygan. Bu taqiqlov AQSh vazirligining Xitoy kompaniyasini bu qurilmalarni Vashington sanksiyalar kiritgan davlatlarga yetkazishda gumon qilishi sabab kiritilgan.

Nashr ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Huawei Panda’ni Shimoliy Koreyaga tayanch stansiyalar, antennalar va telekommunikatsiya qurilmalarini yetkazishda vositachi sifatida qo‘llagan. Ushbu kompaniyalar xodimlari Shimoliy Koreyaga ishlagani, ularning ofisi esa arzon mehmonxonalardan birida joylashgani taxmin qilingan. Nashr manbalariga ko‘ra, Huawei hujjatlarida AQSh sanksiyalar kiritgan davlatlar, jumladan Shimoliy Koreya va Eron to‘g‘ridan-to‘g‘ri esga olinmay, maxsus kod bilan belgilangan. Jumladan, Shimoliy Koreya bu hujjatlarda go‘yoki A9 shartli kodi bilan belgilangan.

Huawei AQSh va Avstraliya tomonidan texnik josuslik va xorijda maxfiy ma'lumotlarni yig‘ishda ayblangandan keyin xalqaro sanksiyalar xavfi ostida qolgandi. Bu kompaniyaga xalqaro bosimning kuchayishiga olib kelgan.

Mavzuga oid
Top