09:00 / 28.07.2019
129002

DXX raisi Yakkabog‘ga bordi

27 iyul kuni DXX raisi Abdusalom Azizov Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani, «Eski Yakkabog‘» hududida bo‘lib, holat yuzasidan viloyat mas'ullari bilan muloqot qildi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Bozor Azizov ma'lum qildi.

Bozor Azizovning so‘zlariga ko‘ra, Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanligini ta'kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas'ullari ishini qoralagan.

— DXX raisi tadbirkor do‘koni buzilishi yuzasidan fikr bildirar ekan, «Odatda paxsa devordan bo‘lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga teginildi?» deb qattiq koyib gapirdi, — deydi Bozor Azizov. — Shuningdek, tadbirkorlarga xalal berish emas, aksincha, yordam berish zarurligini ta'kidladi.

Ma'lum qilinishicha, DXX rahbari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Eski Yakkabog‘ hududi bir hafta mobaynida «Obod markaz»ga aylanishi lozimligi, buning uchun viloyatdan kerakli yordam berilishi aytilgan.

Tuman hokimligi vakillarining harakatlaridan aziyat chekkan Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farruh Jabborov kabi uy-joyi buzilgan 7 nafar, hovli devorlari buzilgan 27 nafar, jami 34 kishiga 1,7 milliard so‘m kompensatsiya pullari to‘lab berilishi ta'kidlangan.

Bozor Azizovning qo‘shimcha qilishicha, hozircha tumanga yangi rahbar tayinlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli binoni ekskavator ruliga o‘tirib, o‘zi buzmoqchi bo‘lganida, tadbirkor uning ustiga benzin sepib, o‘t qo‘yib yuborgan edi.

Ayni vaqtda tuman hokimi o‘rinbosari shifoxonada, tadbirkor qo‘lga olingan.

Bu hodisa so‘nggi kunlarda internetda muhokamalar markazida bo‘ldi. Saytimizda ham mazkur holat bo‘yicha surishtiruv va tahliliy maqolalar e'lon qilindi.

27 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bo‘layotgan voqealar bilan yaqindan tanishish va mavjud muammolarni hal etish maqsadida Yakkabog‘ tumaniga kelib, «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘onchasiga tashrif buyurgan va bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashgan, ularning muammo va murojaatlarini tinglagan, yakunda tadbirkorning do‘koni buzilmaydigan, moddiy zarar qoplanadigan bo‘lgandi.

Shu kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi Shohmurod Donayev va tuman prokurori Jamshid Xalilov ishdan olindi, hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi.

Top