18:50 / 30.07.2019
78798

«Tanqid bor, munosabat yo‘q. Demak hammasi to‘g‘ri ekan-da?» - Abdulla Aripov selektorda tashkilotlar tanqidlarga sukut saqlashi haqida gapirdi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov OAV bo‘yicha selektor o‘tkazdi. Hukumat rahbari vazirlik, hokimlik idoralari va boshqa tashkilotlarda OAV bilan ishlash talab darajasida emasligini tanqid qildi.

«Bugungi kunda OAV mamlakatda sodir bo‘layotgan dolzarb voqealarga tezkor munosabat bildirmoqda. Matbuotda ham turli mavzulardagi tanqidiy va tahliliy materiallar keskin ko‘paydi. Bu esa jamoatchilik fikri shakllanishida muhim rol o‘ynamoqda. Tan olish kerak, bundan 2-3 yil avval OAVdagi bunday ochiqlikni ko‘pchilik tasavvur ham qila olmasdi.

Ammo davlat organlari va OAV o‘rtasida hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgani haqidagi savolga javob yo‘q. To‘g‘risini aytish kerak, ba'zi rahbarlar matbuot bilan ishlashni ikkinchi va hatto beshinchi darajali ish deb qaramoqda. Ba'zi tashkilotlar axborot xizmati vakillariga yetarli sharoit yaratib bermagan. Shu kungacha 20ga yaqin davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarida, 150dan ortiq tuman, shahar va viloyat hokimliklarida axborot xizmatlari tashkil qilinmagan. Boriga ham yana boshqa ishlar topshirib qo‘yilganki, u o‘z ishi bilan shug‘ullanishga ulgurmaydi ham.

Ayrim tashkilotlarning veb-saytlari yillar davomida ishlamaydi (bosh vazir saytlari 2-3 yildan buyon ishlamayotgan qator tashkilotlarni sanadi). Vaholanki, OAVda xalqning diqqat markazida bo‘layotgan dolzarb mavzular yoritilmoqda, ammo bu tashkilotlar jim. Tashkilotlar kimdir tepadan buyruq berishini kutmay o‘zi haqidagi maqolalarga munosabat bildirishi kerak.

Quyidagi raqamlarga e'tibor berishingizni xohlayman: yakuniga yetayotgan iyul oyida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat organlari faoliyatiga oid 500ga yaqin tanqidiy material e'lon qilingan. Shulardan 288tasi vazirlik va idoralar, qolgani mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga tegishli. Tanqidiy maqolalarning 200tasi feysbuk, 25tasi telegram, 60dan ortig‘i boshqa ijtimoiy tarmoqlarda, 90dan ortig‘i tele va radiokanallarda, 80dan ortig‘i matbuotda e'lon qilingan. Bu tanqidiy materiallarning 18 foizi, ya'ni 91tasiga mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan munosabat bildirilgan, xolos.

Tashkilotlar o‘zlari haqidagi tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirishi, kerak bo‘lsa xalqning oldida hisobot berishi shart. Agar noto‘g‘ri axborot berilgan bo‘lsa, bunga ham munosabat bildirish kerak. Buni kim tashkil qiladi? O‘sha tashkilotlardagi axborot xizmati xodimlari. OAVda barcha organlar ishi yuzasidan tanqidiy materiallar e'lon qilinmoqda, ammo ko‘pchilik ularga munosabat bildirmay tomoshabin bo‘lib turibdi. Tanqid bor, lekin munosabat yo‘q. Demak hammasi to‘g‘ri ekanda? Tanqiddan xulosa qilindimi yo‘qmi, bildirish kerak. Masalan kimdir chiqib intervyu bersin. Yoki bo‘lmasa, mana shu ish yuzasidan ishchi guruh tuzildi, shunday-shunday ishlar bo‘lyapti deb aytish kerak. Yo‘q, ko‘pchilik bunday qilmaydi. Xuddi ular boshqa dunyo, qolganlar boshqa dunyodek...», deya Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top