22:00 / 01.08.2019
44499

Iyul oyining eng zo‘r smartfonlari reytingi

Ushbu oyda diqqatimizni suriluvchi selfi modulli Honor 9X, keskin kamerali Nova 5i Pro va o‘yin uchun mo‘ljallangan kuchli ROG Phone II smartfonlari jalb qildi.

Honor 9X

Huawei kompaniyasi Honor turkumiga oid ikki smartfon anonsini o‘tkazdi: Honor 9X va uning Pro-versiyasi. Ularning har ikkisi Kirin 810 kuchli protsessori, suriluvchi kamerali ramkasiz ekran bilan ta'minlangan.

Har ikki qurilmada ham 2340×1080 piksel yechimli 6,59-dyuym displey mavjud bo‘lib, yuqori chap chetda joylashgan maxsus model 16 megapiksel sezuvchanlikka ega selfi kamerani o‘zida saqlaydi. Asosiy kameralar gadjetning alohida uslubdagi X harfi bilan bezatilgan orqa qismidan o‘rin olgan. Bosh sensor kichik va katta modelda ham bir xilda 48 megapikselli bo‘lib, qo‘shimcha 2 megapikselli kamera bilan birga ishlaydi. Pro-versiyada esa yana bir keng burchakli 8 Mp optika ham mavjud.

Barmoq izi skaneri ekran ostiga yashirinmagan — uni smartfonning yon chetiga o‘rnatishdi. 9X'da quloqchinlar uchun 3,5-millimetr hajmdagi tirqishni uchratamiz, akkumulyator — 4 000 mA/s.

Texnik tavsifi

  • Displey: 6,59 dyuym, 2 340×1 080 piksel.
  • Protsessor: Kirin 810, sakkiz yadroli.
  • Kamera: asosiy — 48 Mp + 8 Mp (faqatgina Pro'da) + 2 Mp; frontal — 16 Mp.
  • Xotira: 4 GB yoki 6 GB (kichik modelda) / 8 GB (Pro'da) tezkor; 64 GB yoki 128 GB (kichik modelda) / 128 GB yoki 256 GB (Pro) doimiy; microSD bilan kengaytirish mumkin.
  • Akkumulyator: 4 000 mA/s.
  • Operatsion tizim: Android 9 Pie (EMUI 9.1.1).

Honor 9X qizil, ko‘k va qora ranglarda chiqadi. 4 GB operativ va 64 GB ichki xotirali variant 203 AQSh dollari narxida, 6/64 GB va 6/128 GB versiyalari mos ravishda 232 va 276 dollar etib belgilangan.

Honor 9X Pro faqatgina ikki xil rangda taqdim etilmoqda: binafsharang va qora. 8/128 GB va 8/256 GB variantlari mos ravishda 320 va 349 AQSh dollarga baholanmoqda.

Xiaomi Qin 2

Hozirgi kundagi smartfonlar bozoriga nazar tashlaymiz — 6 dyuym va undan katta hajmdagi bir-biriga o‘xshash beso‘naqay modellar. Nafaqat ularni qo‘lda tutish, shuningdek hamyonga joylash ham juda noqulay. Xiaomi insonlar haqida qayg‘urgan holda Qin 2 modelini yaratdi — katta bo‘lmagan va bag‘oyat oddiy uskuna.

Smartfon displeyi diagonali 22,5:9, yon taraflar bilan birgalikda 5,05 dyuym qilib ishlangani uchun ham uni qo‘lda tutish juda qulay. Ekran o‘lchami — 1 440×576 piksel. Ichki qurilmalar —  Spreadtrum SC9832E protsessori, 1 GB operativ va 32 GB doimiy xotira. Asosiy kamera bitta, 5 Mp, frontal kamera ishlab chiqilmagan — selfi ishqibozlari, ushbu devays aniq siz uchun emas. Qiziqarli, lekin smartfon uy texnikasini boshqarish uchun IK-portga ega. Uskuna Android Go'da ishlaydi.

Texnik tavsifi

  • Displey: 5,05 dyuym, 1 440×576 piksel.
  • Protsessor: Spreadtrum SC9832E.
  • Kamera: asosiy 5 Mp, frontal kamera mavjud emas.
  • Xotira: 1 GB/32 GB
  • Akkumulyator: 2 100 mA/s.
  • Operatsion tizim: Android Go

Smartfon atigi 499 yuan bahosida, ya'ni taxminan 75 AQSh dollariga teng.

Xiaomi Mi A3

Xiaomi taqdim etgan haqiqiy Android versiyali yangi smartfon. U yangi avlod Xiaomi CC9e uskunalariga juda o‘xshab ketadi. Gadjet tomchisimon kesimga ega 6-dyuymli AMOLED-ekran bilan ta'minlangan. Displey ostida barmoq izi skaneri joylashtirilgan. To‘g‘ri, Mi A3'ning imkoniyatlari o‘zining katta avlodi Mi A2'ga nisbatan oddiyroq — 1 520×720 piksel ( Mi A3'da 2160×1080).

Ekranning tomchisimon kesimida 32 Mp selfi-kamerani uchratamiz. Asosiy kamera sezuvchanligi 48 Mp (f/1.79), 8 Mp (keng burchakli optika) va 2 Mp (chuqur keskin ko‘rish).

Smartfonning ichki qurilmalari o‘rtacha: sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 665 protsessori va Adreno 610 grafik tezlashtiruvchi, 4 GB operativ va 64 yoki 128 GB ichki xotira. Qo‘shimcha microSD karta uchun slot ham mavjud. Akkumulyator sig‘imi 4 030 mA/s. E'tiborlisi, Mi A3 standart tipdagi audio-tirqishga ega.

Texnik tavsifi

  • Displey: 6 dyuym, 1 520×720 piksel.
  • Protsessor: sakkiz yadroli Qualcomm Snapdragon 665.
  • Kamera: asosiy 48+8+2 Mp va 32 Mp frontal.
  • Xotira: 4 GB tezkor, doimiy sig‘im 64/128 GB.
  • Akkumulyator: 4 030 mA/s.
  • Tizim: Android 9.0 Pie.

Xiaomi Mi A3 ko‘k, oq va kulrang ranglarda mavjud. 64 GB'li versiyaning narxi 249 yevroni tashkil etmoqda. 128 GB varianti esa 279 yevro.

Nova 5i Pro

Huawei kompaniyasining yaqindagina anonsi bo‘lib o‘tgan yangi Nova 5i Pro smartfoni ko‘rinishidan Nova 5i'ning yaxshilangan versiyasidir. Gadjet kuchliroq protsessor, simsiz zaryadlash tizimi va asosiy kameraning yangi dizayniga ega qilib ishlangan.

Nova 5i Pro displeyi 6,26 dyuym diagonalda 2 340 × 1 080 piksel imkoniyatdan tashqari ko‘zni ko‘k nurdan asrovchi maxsus qoplama bilan ham ta'minlangan. Uning chap tomonida 32 Mp selfi kamerasining dumaloq kesimi bor. Kvadrat ramka bilan hoshiyalangan asosiy kamera naq 4 moduldan tashkil topgan: 48 Mp bosh, keng burchakli 8 Mp va makro tasvirga olishlar, shuningdek keskin ko‘rish uchun mo‘ljallangan yana ikkita 2 Mp'li modul.

Nova 5i Pro'ning ichki qismida Kirin 810 subflagman protsessori, 6 yoki 8 GB operativ va 128 yoki 256 GB doimiy xotira bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 4000 mA/s sig‘imli akkumulyator USB-C orqali va simsiz holatda tez quvvat olish imkoni bor. Ikkinchi simkarta uchun mo‘ljallangan slotdan ehtiyoj tug‘ilganda microSD karta uchun joy sifatida foydalansa bo‘ladi.

Texnik tavsifi

  • Displey: 6,26 dyuym, 2340×1080 piksel.
  • Protsessor: sakkiz yadroli Kirin 810.
  • Kamera: asosiy 48+8+2+2 Mp va 32 Mp frontal.
  • Xotira: 6/8 GB tezkor, doimiy sig‘im 128/256 GB.
  • Akkumulyator: 4 000 mA/s.
  • Tizim: Android 9.0 Pie (EMUI 9.1).

Huawei Nova 5i'ning 6 GB operativ va 128 GB ichki xotirali versiyasi Xitoy bozorida 2 199 yuanni (≈ 329 AQSh dollari) tashkil qilmoqda. Savdolar 2 avgustda boshlanadi.

Lenovo Z6

Lenovo'ning ushbu uskunasi, kompaniyadagilar fikriga ko‘ra, Xiaomi'ning Redmi K20 yangiligi bilan raqobat qila olishi kutilmoqda. Smartfonning 6,39-dyuymli OLED-displeyi 2340×1080 piksel imkoniyatga ega bo‘lib, uning ostki qismida barmoq izi skaneri ham joylashtirib ishlangan. Ekranning ustki qismida esa 16 Mp selfi kamera uchun mo‘ljallangan tomchisimon tirqish qoldirilgan. Displey frontal panelning 93,1 foiz maydonini qoplab olgani flagman bo‘lmagan uskuna uchun yomon natija emas.

Orqa panelda 24 Mp Sony IMX576 bosh sensor, ikki karra optik yaqinlashtiruvchi 2 Mp obektiv va besh megapikselli keskinlikni o‘lchash kameralari mavjud.

Lenovo Z6'ning ishchanligini yetarli darajada mustahkam bo‘lgan Snapdragon 730 protsessori ta'minlab beradi. Xotira ham shunga yarasha: 6/8 GB tezkor va 64/128 GB doimiy. Akkumulyator sig‘imi A/s, USB-C orqali tezkor quvvat olishni ta'minlaydi.

Texnik tavsifi

  • Displey: 6,39 dyuym, 2 340×1 080 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 730.
  • Kamera: asosiy 24+8+5 Mp va 16 Mp frontal.
  • Xotira: 6/8 GB tezkor, doimiy sig‘im 64/128 GB.
  • Akkumulyator: 4 000 mA/s.
  • Tizim: Android 8 Pie (ZUI 11).

Narxlar:
6/64 GB'li asosiy konfiguratsiya ega uskuna — 273 AQSh dollari;
6/128 GB varianti — 304 AQSh dollari;
8/128 GB xotirali Lenovo Z6 — 361 AQSh dollari.

ROG Phone II

Asus tomonidan rasman taqdim etilgan ROG Phone'ning vorisi allaqachon dunyoning eng kuchli o‘yin smartfoni deb nomlandi. 6,49 dyuymli OLED-displey o‘rnatilgan Full HD ekran ostki qismida barmoq izlari skaneri bilan jihozlangan. Ekran HDR'ni qo‘llab-quvvatlaydi va tezlik 120 Gs gacha o‘zgartirilgan. ROG Phone II 24 megapikselli selfi kamerasiga ega, asosiy tasvir qurilmalari 48 va 13 megapikselli.

Ushbu smartfon Snapdragon 855 Plus chipsetli yangi potsessorga ega bo‘lib, mobil o‘yinlar o‘ynashga yo‘naltirilgan. Uni Adreno 640 grafikasi va 8 yoki 12 GB tezkor xotira yanada to‘ldiradi. Ichki xotiraning hajmi konfiguratsiyaga qarab 128, 256 yoki 512 GB'ni tashkil qiladi.

O‘yin aksessuarlarini smartfoningizga ulashingiz mumkin. Bu qo‘shimcha displey va 5000 mA/s batareyali dok-stansiya, telefondan televizorga tasvirlarni simsiz uzatish uchun mo‘ljallangan qurilma, tashqi sovutgich yoki Nintendo Switch'dagi kabi bir nechta yon boshqaruvchi bo‘lishi mumkin.

Texnik tavsifi

  • Displey: 6,59 dyuym, 2 340×1 080 piksel.
  • Protsessor: Snapdragon 855 Plus.
  • Kamera: asosiy 48+12 Mp va 24 Mp frontal.
  • Xotira: 8/12 GB tezkor, doimiy sig‘im 128/256/512 GB.
  • Akkumulyator: 6 000 mA/s.
  • Tizim: Android 9.0 Pie (ROG UI).

Uskuna bir necha ko‘rinishlarda chiqadi. 8/128 GB'li eng kichik versiya 505 dollar bo‘lsa, 12/512 GB variantining narxi taxminan 868 dollar etib belgilangan. Qo‘shimcha jihozlar va tezkor quvvat oldiruvchi qurilmali eng yaxshi konfiguratsiya to‘plami Espors Armour esa 1900 dollar atrofida baholanmoqda.

Mavzuga oid
Top