19:39 / 01.08.2019
13753

Sutchilik majmualaridan IT-loyihalargacha - Belarus O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollarini nimalarda ko‘rmoqda?

Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash Belarus-O‘zbekiston munosabatlarining asosiy masalasi hisoblanadi. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida ma'lum qildi, deb xabar berdi BeLTA. 

"Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash asosiy masala bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston mustaqillik yillarida milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish borasida sifatli siljishga erishdi, yangi sohalar: avtomobilsozlik, neftgazkimyo, qishloq xo‘jalik texnikalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Belarus O‘zbekiston bilan iqtisodiy yo‘nalishda, jumladan qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirishga tayyor", - dedi Aleksandr Lukashenko. 

O‘tgan yili Lukashenkoning  O‘zbekistonga tashrifi vaqtida ikki davlat prezidentlari Belarus loyiha va qurilish tashkilotlarini jalb etgan holda bir nechta sutchilik majmualarini yaratishga kelishib olingandi. Belarus prezidenti bu loyihalarni tezroq amalga oshirish kerakligini ta'kidladi. 

U shuningdek, farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdi. Hozirda O‘zbekiston hududida farmatsevtika sohasida uchta loyiha amalga oshirilmoqda.

Belarus tomonining fikricha, hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi yengil sanoat hisoblanadi. 

Aleksandr Lukashenko IT-sektorini ham istiqbolli yo‘nalishlar qatorida sanab o‘tdi. Uning qayd etishicha, Belarusda davlat boshqaruvi, transport, moliya-kredit faoliyati yo‘nalishlarida axborot tizimlari muvaffaqiyatli yaratilmoqda va mahalliy kompaniyalar jahon bozorida raqobat qila olishini ko‘rsatdi.

"Biz O‘zbekistonda Belarus dasturiy ta'minotidan foydalangan holda tabiiy gazni hisobga olishning avtomatlashgan tizimini va gaz taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha gaz hisoblagichlarini joriy etish borasidagi loyihani amalga oshirishni taklif etamiz", - dedi u.

Top