02:30 / 08.08.2019
193597

Almazbek Atamboyev bayonot bilan chiqdi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev 8 avgustga o‘tar kechasi «Aprel» telekanali efirida chiqish qilib, bayonot berdi.

«Sizlarga alam bilan murojaat qilaman. Bugun hukumat kuchlari noqonuniy ravishda, Konstitutsiyani buzgan holda, meni qo‘lga olish uchun, Atamboyevning og‘zini yopish uchun, qurol bilan keldi va o‘z xalqini o‘qqa tutdi. Avvaliga rezinali o‘qlar bilan, oxirida – haqiqiy o‘qlar bilan. Bu sharmandali va alamli. Atamboyev — terrorchi emas. Uning atrofida yig‘ilgan insonlar – terrorchilar emas. Soat 19:30da odamlar odatdagidek kelib men bilan selfi tushishayotgandi. Begunoh odamlar jabrlandi», - degan u.

«Albatta, oxir-oqibat ular maxsus topshiriqli guruh vakillarini surib tashlashdi, ularning ayrimlari nasibasini olishdi. Bilasiz, bu xalqning g‘azabi qanday», - deya davom etgan u.

«Men bir necha marta aytganman, Batukayev ishi bo‘yicha xat ko‘rinishida javob berishga tayyorman. Rasman javob berishni, buni gazetalarda e'lon qilishni taklif qilganman. Hukumat esa Atamboyevning og‘zini berkitish uchun o‘z xalqini o‘qqa tutishdan qaytmadi. Bu sharmandalik. Hukumatga yana bir bor aytaman: To‘xtating!», - degan Atamboyev.

«Kuchishlatar tuzilmalarga yana bir bor aytaman: o‘z xalqingizni otmang. Buyruq berganlar qochmoqda, siz esa qolayapsiz. Axir siz bir oilaga emas, xalqqa qasamyod qilgansiz», - degan u va o‘z tarafdorlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan.

7 avgust kuni Qirg‘iziston maxsus topshiriqli bo‘linmalari harbiylari sobiq prezident Almazbek Atamboyevning Chuy viloyatidagi Ko‘y-Tosh qishlog‘ida joylashgan qarorgohiga bostirib kirdi. Ular sobiq prezidentni qo‘lga olishga harakat qilishdi. Bu vaqtda qarorgohda Atamboyevning yuzga yaqin tarafdorlari va jurnalistlar to‘plangandi.

Harbiylar uyni qamal qilishdi va o‘t ochishdi, natijada 10dan ortiq kishi jarohatlandi, shu jumladan voqealarni yoritishga kelgan jurnalistlar ham. Atamboyevning tarafdorlari uy egallanib olinishiga to‘sqinlik qilishdi va barrikadalar o‘rnata boshlashdi. Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Atamboyevni qo‘lga olish uchun operatsiya tashkillashtirilganini tan oldi, ammo harbiylar jangovar qurol qo‘llamagani va faqat rezina o‘qlar otilganini ma'lum qilishdi.

Bu orada OAVda Atamboyev qo‘lga olinib, vertolyot orqali noma'lum tomonga olib ketilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Keyinroq bu ma'lumot rad etildi. Sobiq prezidentning qizi Aliya Shagiyeva otasi Qo‘y-Toshdaligi va uni hech kim qo‘lga olmaganini ma'lum qildi. U bu xabarlarni «qip-qizil yolg‘on» deb atab, sobiq prezident xavfsizlikda ekanini aytdi.

Keyinroq Atamboyevning tarafdorlari soni ortdi va ular qarorgoh hududini o‘rab olishdi, harbiylar bilan o‘rtada otishma chiqdi. Qarorgoh hududida yong‘in boshlandi. Mahalliy vaqt bilan soat 22:30da Atamboyevning tarafdorlari qarorgohga bostirib kirishdi, harbiylarning bir qismi chekindi, bir qismi Atamboyevning tarafdorlari tomonidan qo‘lga olindi va qurollari tortib olindi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida jami 45 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga olib kelingan, shundan qariyb yarmi huquq-tartibot organlari xodimlari bo‘lib, ulardan biri olingan jarohatlar oqibatida vafot etgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ta'tilini barvaqt yakunlab Bishkekka qaytdi.

Almazbek Atamboyev 2011 yilda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgandi. U bu lavozimni 2017 yilda, prezidentlik muddati tugashi munosabati bilan tark etdi. Saylovlarda Atamboyev tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod, uning Qirg‘iziston Sotsial-Demokratik partiyasidagi partiyadoshi Sooronbek Jeenbekov g‘alaba qozondi. 

Saylovlardan so‘ng amaldagi prezident va sobiq prezident munosabatlari sovuqlasha boshladi. 2019 yil iyunida Atamboyev Jeenbekov keskin tanqid qilingan mitinglarda ishtirok etdi. 

Iyun oyi oxirida Qirg‘iziston parlamenti Atamboyevni daxlsizlik huquqidan mahrum etdi. Prokuratura sobiq prezidentni katta yer maydonlariga noqonuniy ravishda ega chiqqanlikda, kriminal avtoritet qo‘yib yuborilishida, noqonuniy boyishda, Bishkek IESni modernizatsiya qilishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yishda va IESga noqonuniy ravishda ko‘mir yetkazib berilishi kabi jinoyatlarga aloqadorlikda gumon qilgan 

24 iyul kuni Atamboyev ruslarning Qirg‘izistonning Kant shahridagi aviabazasidan Rossiyaga uchdi va Moskvada RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida Putin Qirg‘izistonga siyosiy barqarorlik zarurligi va «barcha fuqarolar amaldagi prezident atrofida birlashib, unga davlatni rivojlantirish»da yordam berishi kerakligini aytdi.

Mavzuga oid
Top