15:31 / 09.08.2019
8362

«Gastro bazaar» festivali nega aynan Qurbon hayiti bayrami kunlari o‘tkazilmoqda?

O‘zbekistonning gastronomik salohiyatini xalqaro miqyosda yanada rivojlantirish va mamlakat imidjini ijobiy shaklantirish maqsadida 9-11 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan  «Gastro Bazaar – 2019» I xalqaro gastronomik festivali bugun start oldi.  

Festival doirasida milliy va jahon oshxonalari namoyishi, o‘zbek va xorij oshpazlari ishtirokida musobaqalar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi. 

Ushbu festival yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Butunjahon turizm tashkilotining «Ipak yo‘li ofisi» direktori Mirtolib Mirzohidovning ma'lumot berishicha, tadbirning aynan Qurbon hayiti kunlari tashkillashtirilishi yurtdoshlarimizning bayramni mazmunli o‘tkazishlariga yordam beradi. Shuningdek, festival doirasida tashrif buyuruvchilar respublikaning 14ta hududining o‘ziga xos tansiq taomlaridan bahramand bo‘lishi mumkin. 

«Ta'kidlash joizki, gastronomiya turizm sohasida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadigan eng muhim sanoatlardan biridir. Masalan, Butunjahon turizm tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, turistlarning  79-80 foizi, asosan, gastronomik tadbirlar rejasi va mahalliy oshxonalarning xususiyatini o‘rganib chiqqandan so‘ng sayohatini rejalashtiradi. O‘zbekistonda sayyohlar eng rozi bo‘layotgan yo‘nalish ham gastronomiya», - deydi Mirtolib Mirzohidov. 

Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, xorijdagi bir qancha tahliliy tadqiqot agentliklari va jurnallar orqali o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ham O‘zbekistonda gastronomik turizm eng mashhur yo‘nalish sifatida tan olingan. «Gastro Bazaar - 2019» festivalining bo‘lib o‘tishi ham sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish uchun muhim qadam bo‘lishi kerakligi nazarda tutilgan. 

«Mahalliy taomlarni tatib ko‘rish uchun sayohat qiluvchilar boshqa sayyohlarga qaraganda 1.5 baravar ko‘p pul tashlab ketadi. Masalan, Turkiyaga shunchaki tashrif buyurgan odam ovqatlanishi uchun 174  AQSh dollari sarflayotgan bo‘lsa, gastronomik maqsad bilan kelganlar buning uchun 259 dollar mablag‘ ajratishadi. Shuning uchun ham Turkiyada Istanbuldan 32 daqiqa uzoqlikda joylashgan hududda gastroqishloq tashkil qilinib, yil davomida davlatning eng tansiq taomlarini namoyish qilish imkoni yaratildi», - deya Turkiya gastronomik salohiyati haqida ma'lumot berib o‘tdi Turkiya Gastronomik turizm uyushmasi Boshqaruv Kengashi raisi Gurkan Bo‘ztepe. 

Xorijlik ekspertning ta'kidlashicha, Turkiyadagi gastroqishloqda o‘zbek taomlarini ham namoyish qilishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu bilan milliy taomlarni tatib ko‘rgan sayyohlarning bevosita O‘zbekistonning o‘ziga sayohat qilish uchun qiziqishi ortishi mumkin. 

Ma'lumot uchun: Gastro Bazaar festivali o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxtdagi quyidagi ko‘chalar yopilgan: 

Matbuotchilar ko‘chasining Buyuk Turon ko‘chasi bilan tutashgan chorrahasidan boshlab Nuroniylar ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi;

Buxoro ko‘chasining Hugo Boss do‘koni yonidan to Nuroniylar ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi;

Zarafshon ko‘chasining Islom Karimov ko‘chasi kesishmasidan Sayilgoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismi.

Top