13:53 / 09.08.2019
2918

Sifati kafolatlanmagan mahsulotlarning olib kirilishiga chek qo‘yildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat va alkogol mahsulotlarini respublikamizga noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.

Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona xodimlari yurtimizga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilarining yuklarini belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Natijada fuqarolar S.B., R.R. va J.I. bojxona nazoratidan yashirin tarzda umumiy qiymati 30,2 million so‘mlik 204 kg pishloq, 56 kg sariyog‘, 12 kg qandolatchilik kremi tovarlarini mamlakatimizga olib kirishga uringanliklari aniqlandi.

 Shuningdek, mazkur postning o‘zida yana bir poyezd yo‘lovchilari qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, fuqaro M.A. salkam 58 litr ichimliklarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kelayotganligi ma'lum bo‘ldi.

 Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarga respublikamizga temir yo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib kelishda 1000 AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, bunda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdoriy normalariga rioya qilinishi lozim.

 Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Top