17:49 / 12.08.2019
27285

Abdulla Aripov Turkmanistonda Dmitriy Medvedev bilan uchrashuv o‘tkazdi

Foto: O‘zA/A'lo Abdullayev

Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.

«Men 10 iyul kuni Moskva va Moskva oblastiga safarimiz tashkillashtirilgani, juda mazmunli dastur uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz axborot texnologiyalari, markirovkalash, soliq sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, yetti oy ichida uning hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 15 foizga ko‘p. Yil oxiriga kelib u 6 milliard dollardan oshadi, deb umid qilamiz», - dedi Aripov.

Aripovning ta'kidlashicha, yaqinda Rossiya Federatsiyasi hukumati tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi uchun QQSning yangi ko‘rsatkichi qabul qilindi. Bosh vazir o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bundan foydalanishi hamda Rossiya bozoriga eng sifatli va foydali mahsulotlarni yetkazib berishiga umid bildirdi.

«Abdulla Nig‘matovich, sizni yana bir bor samimiy qutlayman. Bu yil biz siz bilan tez-tez uchrashyapmiz. Bu Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni barqaror rivojlantirish garovidir. Siz yaqinda Moskvada bo‘ldingiz. Bugungi tadbir nafaqat forumga tegishli mavzularni, balki ikki tomonlama hamkorlikni, prezidentlar va hukumatlar darajasida qabul qilingan bir qator qarorlarni amalga oshirishni muhokama etish imkoniyatini beradi», – dedi Medvedev.

Bundan oldin, Abdulla Aripov Turkmanistonga tashrif buyurgani xabar berilgandi.

Top