17:20 / 15.08.2019
30184

Moliya vaziri o‘rinbosari: elektr va gaz aholiga tannarxga nisbatan arzon narxlarda sotilmoqda 

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda elektr ta'minotidagi uzilishlar besh-olti yil ilgarigiga nisbatan ancha kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Ashrafxonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda gapirib o‘tdi.

Ashrafxonovning so‘zlariga ko‘ra, buning sababi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish infrastrukturasiga kiritilgan investitsiyalardir.

«Ijobiy o‘zgarishlar judayam ko‘p. Masalan, o‘tgan yili Farg‘ona vodiysiga yangi yildan oldin kuniga olti million kub metr qo‘shimcha gaz yetkazib berildi. Aholining, tadbirkor va investorlarning asosiy talabi energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish bo‘lmoqda. Energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi, taqsimlovchi, yetkazib beruvchi va qayta ishlovchi korxonalar asosiy urg‘uni mana shu talabni bajarishga qaratgan», dedi Ashrafxonov.

moliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Ashrafxonov

Moliya vaziri o‘rinbosarining aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda.

«Aholi soni 33,5 milliondan oshdi. Yangi uy-joylar qurilmoqda. Ularning barchasiga energiya resurslari - elektr va gaz kerak. Bundan tashqari, har bir oilaga yangi texnikalar kirib kelmoqda. Hozirda kompyuter, konditsioner, vay-fay, uyali aloqa kirib kelgan. Bularning barchasiga elektr energiyasi sarflanadi. Energiya resurslarini yetkazib berish uchun barcha quvvatlarni ishga solmoqdamiz», dedi u.

Bahrom Ashrafxonovning bildirishicha, hozirda bir kv soat elektr energiyasini ishlab chiqarish 360 so‘mga, bir kub metr gazni pirovard iste'molchiga yetkazib berish 751 so‘mga tushmoqda.

«Sohaga oid bo‘lmagan aktivlar bo‘lgan. Ular ham tannarxning ichiga kiritilgan. Hozirda sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni sotib yuborib, tannarxni pasaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bir kv soat elektr energiyasini ishlab chiqarish 360 so‘mni, bir kub metr gazni pirovard iste'molchiga yetkazib berish 751 so‘mni tashkil etmoqda», dedi Ashrafxonov.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda energiya resurslari aholiga tannarxga nisbatan arzon narxda sotilmoqda.

«Aholiga elektr energiyasi 250 so‘mga, ya'ni tannarxdan 110 so‘m arzonga, gaz esa 320 so‘mga – tannarxdan 431 so‘m arzonga sotilmoqda. 15 avgustdan elektr energiyasi narxi 250 so‘mdan 295 so‘mga, gaz narxi esa 320 so‘mdan 380 so‘mga oshirilmoqda. Shu yerda savol tug‘iladi: tannarxdan arzon sotilayotgan bo‘lsa, tannarx bilan arzon narx o‘rtasidagi tafovutni kim qoplamoqda? Tafovut davlat budjeti tomonidan qoplanmoqda. Bu davlat tomonidan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshirilmoqda. Aholiga og‘ir bo‘lmasligi uchun qimmat narsa arzon narxda sotilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tannarx yana 10 foizga pasaytiriladi», dedi u.

Ashrafxonov shuningdek, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni hisoblashda turli tariflarning qo‘llanishi, yoqilg‘i-energetika infrastrukturasidagi muammolar, ko‘zda tutilgan rejalar haqida ham ma'lumot berdi.

Top