18:30 / 15.08.2019
2886

O‘zbekistonlik yoshlar «Eurasia Global» xalqaro yoshlar forumida o‘z loyihalari bilan ishtirok etyapti

Rossiya Federatsiyasining Yoshlar masalalari bo‘yicha Federal agentligi tomonidan 12-18 avgust kunlari Orenburg shahrida «Eurasia Global» xalqaro yoshlar forumi o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan 800 nafar yoshlarning  500 nafarini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Latviya, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Eron Turkiya, Avstraliya, Ispaniya, Xitoy, Armaniston, Ozarboyjon hamda Gretsiya kabi qator xorijiy davlatlar vakillari tashkil etadi. Xalqaro Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham o‘z loyihalari va taqdimotlari bilan qatnashyapti.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari «Loyiha atrofida jamoani shakllantirish usullari», «Biznes – ommaviy diplomatiya vositasi», «Jamoaviy loyihalar yaratish» mavzularidagi seminarlarda o‘z tajribalarini yanada boyitmoqda. Xalqaro yoshlar davrasida dunyoning turli burchaklaridagi ko‘ngilli yoshlarni ruhlantirish, jozibali fikrlash, yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, insonning ruhiy holati va kasb tanlash mahorati bo‘yicha ham qizg‘in muhokamalar olib borildi.

Shuningdek, MDHga a'zo davlatlarning tarixi va istiqbollari, ko‘pmillatli yoshlar jamoasini boshqarish bo‘yicha o‘tkazilayotgan muloqotlarda turli takliflar o‘rtaga tashlandi.

Bundan tashqari,  A.M.Gorchakova nomidagi ommaviy diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash Fondi mazkur forum doirasida xorijiy davlatlar ishtirokchilari uchun grant tanlovlari o‘tkazadi. Tanlovda vakillarimiz ham  o‘z loyihalari bilan ishtirok etadi.

«Forum doirasidagi tadbirlarda ijtimoiy loyihalashtirish, yoshlar startaplari, madaniyat, san'at, tarix va yangi media bo‘yicha fikr va tajriba almashyapmiz. «Eko.uz smart box» nomli loyiham bilan grant tanlovida ham qatnashib, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qo‘shmoqchiman», – deydi Andijon viloyati, Baliqchi tumani «Oltin Yer Himoya» AJ boshqaruvi raisi, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindori Shahrizod Musaboyev.

Top