09:53 / 19.08.2019
18243

Yangi Bojxona kodeksi loyihasi e'lon qilindi

Foto: Norma.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligi quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

qonuniylik;

bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilganda shaxslarning teng huquqliligi;

bojxona operatsiyalarining shaffof, aniq-ravshan va izchil amalga oshirilishi.

Bojxona qonunchiligidagi bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar jismoniy shaxslar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari foydasiga talqin qilinadi.

Bojxona ishida bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan va boshqa hujjatlar qabul qilingan kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi.

Bojxona qonunchiligi orqaga qaytish kuchiga ega emas va qonunlar bilan boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, amalga kiritilgandan boshlab yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan bojxona to‘g‘risidagi qonun normalari orqaga qaytish kuchiga ega.

Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik bojxonaga oid huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlari asosida yuzaga keladi.

O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududi O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligi qo‘llaniladigan hududni anglatadi.

Bojxona hududining chegaralari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi hisoblanadi.

Bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish bo‘yicha cheklovlar xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlaridan kelib chiqib o‘rnatilishi mumkin.

Ushbu cheklovlar joriy etilishi munosabati bilan tovarlarni olib o‘tuvchi manfaatdor shaxsda yoki tashuvchida yuzaga kelgan xarajatlar bojxona organlari tomonidan qoplanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining manfaatlaridan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalaridan kelib chiqqan holda, ayrim tovarlarni olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqish:

davlat xavfsizligini;

jamoat tartibini;

inson hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishni;

atrof-muhitni muhofaza qilishni;

milliy va ma'naviy qadriyatlarni saqlab qolishni;

O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini himoya qilishni;

mulk huquqini, olib kirilayotgan tovarlar iste'molchilarining manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash maqsadida taqiqlanishi mumkin.

Olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar:

olib kirilganda — darhol bojxona hududi chegarasidan tashqariga olib chiqilishi;

olib chiqilganda — darhol bojxona hududiga qaytarilishi shart, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Tovarni olib chiqish yoki qaytarish, shuningdek yuk operatsiyalari tovarni olib o‘tayotgan shaxs yoki tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar tovar darhol olib chiqilmagan yoki qaytarilmagan bo‘lsa, tovar olib o‘tuvchi manfaatdor shaxsning yoki tashuvchining hisobidan vaqtincha saqlash omborida vaqtincha saqlanishi lozim.

Bunday tovarni saqlashning eng ko‘p muddati uch sutkani tashkil etadi, agar qonun hujjatlarida ayrim turdagi tovarlarga nisbatan boshqacha muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa. Ushbu muddat tugagach, tovar yo‘q qilinishi yoki sud qarori asosida davlat daromadiga o‘tkazilishi lozim.

Quyidagilar dastlabki ma'lumotni taqdim etishning maqsadi hisoblanadi:

bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi rejalashtirilayotgan tovarlar haqida bojxona organlari tomonidan ma'lumotlar olish;

xavfni baholash;

tovarlar bojxona hududiga yetib kelishidan oldin obektlarni, bojxona nazorati shakllarini va bojxona nazoratini o‘tkazishni ta'minlaydigan choralarni tanlash to‘g‘risida dastlabki qarorlarni qabul qilish.

Dastlabki ma'lumot bojxona organlari tomonidan bojxona operatsiyalarini amalga oshirishni tezlashtirish va bojxona nazoratini o‘tkazishni maqbullashtirish uchun foydalaniladi.

Tashuvchi tovarlar, transport vositalari va yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma'lumotni ular bojxona hududiga amalda yetib kelguniga qadar, telekommunikatsiya tarmog‘i orqali bojxona organlarining axborot tizimiga taqdim etishi shart.

Tashuvchi uchun dastlabki ma'lumotni boshqa manfaatdor shaxs taqdim etishi mumkin. Shu bilan birga dastlabki ma'lumotning to‘g‘riligi uchun javobgarlik tashuvchi zimmasida bo‘ladi.

Tovar to‘g‘risidagi dastlabki ma'lumot u O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi rejalashtirilayotgan joyga qarab bojxona organiga taqdim qilinadi.

Dastlabki ma'lumot:

jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovarlarga;

ushbu Kodeksning 23-bobida ko‘rsatilgan tovarlarga;

tabiiy ofatlar, baxsiz hodisalar va falokatlarni bartaraf etish uchun tashilayotgan tovarlarga;

maqomi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq berilgan ruxsatnoma bilan tasdiqlangan harbiy yuklarga;

maxsus bojxona protsedurasiga joylashtiriladigan tovarlarga;

O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududining bir qismidan uning boshqa qismiga chet davlatlar hududi orqali olib o‘tiladigan tovarlarga;

quvur o‘tkazgich transporti orqali yoki elektr o‘tkazish liniyalari bo‘yicha olib o‘tiladigan tovarlarga;

xalqaro pochta jo‘natmalari orqali jo‘natilgan tovarlarga nisbatan taqdim etilmasligi mumkin.

Dastlabki ma'lumot quyidagi hollarda taqdim qilinadi:

avtomobil transportida bojxona chegarasidan o‘tishdan bir soat avval;

bojxona hududiga temir yo‘l transporti yetib kelishidan ikki soat avval;

bojxona hududiga havo transporti uchib kelishidan ikki soat avval – katta masofadagi marshrut amalga oshirilganda;

havo transportining uchib ketishi vaqtida – kichik masofadagi marshrut amalga oshirilganda.

Dastlabki ma'lumotga quyidagilar kiritilishi lozim:

transport vositasi turi;

tashuvchining mamlakati, nomi va manzili;

transport vositasi haqida ma'lumotlar. Bunda tashuvlar avtomobil transporti orqali amalga oshirilsa, ro‘yxatga olish raqami, ro‘yxatga olingan mamlakat haqida ma'lumotlar taqdim qilinadi;

tovar jo‘natuvchining mamlakati va nomi;

tovarni qabul qiluvchining mamlakati va nomi;

tovarni qabul qiluvchining soliq to‘lovchisi manzili va identifikatsiya raqami (tranzitda talab qilinmaydi);

tovarlarning nomi, brutto vazni, narxi;

tovarlarni tasniflash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimiga muvofiq birinchi 6 raqamdan kam bo‘lmagan darajasida tovar kodlari;

ruxsat beruvchi hujjatlar haqida ma'lumotlar;

tovarlarning bojxona hududiga yetib kelishi (rejalashtirilgan) vaqti;

1975 yil 14 noyabrda qabul qilingan, XYT daftarchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bojxona konvensiyasiga muvofiq XYT daftarchasining raqami (agar bo‘lsa);

invoys (hisob-faktura) va transport yukxatining raqami va sanasi;

ko‘rsatilgan transport vositalarida harakatlanayotgan yo‘lovchilar haqida ma'lumotlar.

Top